Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy seshanba kungi video murojaati davomida Rossiyani «terrorchi-davlat» deb atadi. Bu haqda UNIAN axborot agentligi xabar bermoqda.

Zelenskiy o‘z bayonotida 20 ga yaqin kishi jarohatlanishi, bir nechta binolarning barbod bo‘lishiga olib kelgan Xarkovdagi Ozodlik maydoniga uyushtirilgan hujum haqida fikr bildirgan.

«Xarkov. Yevropaning eng katta maydoniga qanotli raketa yordamida zarba berildi. Ozodlik maydoniga. O‘nlab qurbonlar. Ozodlik to‘lovi bu. Ukraina xalqi uchun mana shunday tong», — degan Zelenskiy ertalabki video murojaatida.

Zelenskiy hujum Rossiya-Ukraina chegarasidan 40 km, Xarkovdan 70 km masofada joylashgan Rossiyaning Belgorod shahridan amalga oshirilganini aytgan.

«Ukrainaning Xarkov va Rossiyaning Belgorod shahri hamisha yaqin shaharlar bo‘lishgan. Ko‘plab ma’nolarda. Ular o‘rtasidagi chegara ham ramziy, shunchaki xaritada bo‘lgan. Qalblarda chegara bo‘lmagan. Endi hammasi o‘zgardi. Belgoroddan Xarkovga amalga oshirilgan qanotli raketa zarbasidan so‘ng. Raketa kelib tushgan Ozodlik maydoni — Xarkovimizning yuzi edi», — dedi prezident.

Davlat rahbari bu nafaqat harbiy jinoyat, balki terrorchilik akti ekanligini ta’kidladi.

«Bu shaharga qarshi terror, Xarkovga qarshi terror, Ukrainaga qarshi terror. Maydonda harbiy nishon yo‘q edi. Xuddi, reaktiv artilleriyadan zarba berilgan Xarkov aholi turar-joylari singari. Markaziy maydonga yo‘llangan raketa — bu hech qanaqasiga niqoblanmagan terrordir. Hech kim kechirmaydi, hech kim unutmaydi. Xarkovga amalga oshirilgan bu zarba harbiy jinoyat hisoblanadi, Rossiya Federatsiyasining davlat terrori. Bundan keyin Rossiya — terrorchi-davlatdir», — deb xulosa qilgan Zelenskiy.

Ukraina rahbari xalqaro hamjamiyatni Rossiya harakatlariga zudlik bilan va ta’sirchan munosabat bildirishga, uning harakatlarini davlat terrori sifatida tan olishga chaqirgan.