Dam olish kuni havo harorati me’yordan ko‘ra issiq bo‘lishi kutilmoqda, deb xabar berdi O‘zgidromet.

25 fevral, juma kuni O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo biroz bulutli bo‘ladi, ba’zi joylarda o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat kunning ikkinchi yarmida Samarqand viloyati, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Respublikaning tog‘ oldi hududlarida ba’zi joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Havo harorati +13…+18 iliq atrofida bo‘lishi kutilmoqda.

Qish faslining oxirgi kunlarida Eron hududlaridan havo kirib kelishi kuchayishi hisobiga O‘zbekistonda qish fasliga hos bo‘lmagan juda iliq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Havo harorati kunduz kunlari +17…+22 daraja iliqgacha, janubda +23…+25 darajagacha ko‘tariladi. Bu ushbu kunlarning iqlimiy me’yorlaridan 8−10 gradusgacha yuqori.

Respublika hududining kattta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat shimoliy hududlarga 27 fevral, yakshanba kuni Kaspiy dengizi hududlaridan nam havo massasi kirib kelishi boshlanadi. Yakshanba kuni Qoraqalpog‘istonda, Xorazm viloyatida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Fevral oyining so‘nggi kuni — 28 fevralda respublikaning barcha hududlariga nam havo massasi kirib keladi va ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi. Faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ingarchilik kuzatilmaydi.

Kunduz kungi harorat biroz pasayadi, ammo qish faslining oxiri uchun bo‘lgan me’yoriy qiymatlardan yuqori bo‘ladi. 25−28 fevral kunlari respublikaning tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi bor, deyiladi xabarda.