Yevroosiyo hukumatlararo kengashi O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) ishida o‘zaro manfaatdorlik yo‘nalishlari bo‘yicha ishtirokini kengaytirish tashabbusini mamnuniyat bilan kutib oldi, deya xabar berdi YeOII matbuot xizmati.

Bosh vazir Abdulla Aripov 25 fevral kuni Yevroosiyo hukumatlararo kengashi yig‘ilishida so‘zlagan nutqida O‘zbekistonning YeOII doirasida elektron tijoratni rivojlantirish, temir yo‘l transportini raqamlashtirish, «Yevroosiyo Ekspress» (Yevraziyskiy ekspress) loyihasi va boshqa tashabbuslarda ishtirok etishini ma’qullashni so‘radi. «Yevroosiyo Ekspress» loyihasi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini o‘zaro yetkazib berish va eksport qilish hajmini oshirish hamda uni diversifikatsiya qilishga qaratilgan.

«Hurmatli hamkasblarimdan O‘zbekistonning elektron tijoratni rivojlantirish, temir yo‘l yuklarini raqamlashtirish, „Yevroosiyo Ekspress“ logistika loyihasi va bugungi yig‘ilishda ko‘rib chiqilayotgan iqlim masalalari bo‘yicha hamkorlik kabi tashabbuslarda ishtirok etishini ma’qullashingizni so‘rayman», — deya ta’kidladi Aripov.

Foto: primeminister.kz

«YeOII hududidan tashqariga doimiy qatnovlar birinchi bosqichda ikki yo‘nalishda — Xitoy va O‘zbekistonga tashkil etiladi. Kelajakda savdo yo‘nalishlari Osiyo va Yevropa mintaqalarining boshqa mamlakatlariga ham kengaytirilishi mumkin», — dedi Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) savdo vaziri Andrey Slepnev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qatnovning muntazamligi dengiz yuklariga nisbatan raqobatbardosh tariflarni shakllantirish, shuningdek, yuklarni yetkazib berish muddatini (Xitoyga 10−14 kungacha va O‘zbekistonga 4−7 kungacha) qisqartirish imkonini beradi. Bundan tashqari, barcha zarur infratuzilmani — logistika ta’minot zanjirini yaratish rejalashtirilgan.

Abdulla Aripov YeOIIga a’zo davlatlar bilan o‘zaro savdo hajmini oshirish O‘zbekiston uchun ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi. Uning fikricha, to‘laqonli erkin savdo rejimiga o‘tish uchun to‘siqlar bo‘lishi va yangi cheklovlarni joriy qilishdan tiyilish kerak.

O‘zbekiston hukumati rahbari texnik reglamentlar, sanitariya, fitosanitariya va veterinariya talablarini muvofiqlashtirish va o‘zaro tan olish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarni davom ettirishni taklif qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston tariflarsiz tartibga solinadigan sohadagi huquqiy hujjatlarni yaqinlashtirish va unifikatsiya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqishda YeIK ko‘magiga ishonadi.

Shuningdek, bosh vazir O‘zbekiston YeOII bilan savdo aloqalarida tovarlarni kuzatib borish mexanizmini va elektron navigatsiya muhrlari tizimini joriy etish bo‘yicha tajriba almashishdan manfaatdor ekanligini aytdi.

O‘zbekiston hukumati rahbari dunyoda epidemiologik vaziyat barqarorlashgani va aholini emlash ishlari davom etayotganini inobatga olib, temir yo‘l va avtomobil transportida yo‘lovchi tashishni qayta tiklashni taklif qildi.

Abdulla Aripov rasmiy va ishbilarmon doiralarni 24−26 mart kunlari bo‘lib o‘tadigan Toshkent xalqaro investitsiya forumi va 25−27 aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan «INNOPROM. Central Asia» xalqaro sanoat ko‘rgazmasida ishtirok etishga taklif qildi.

Bosh vazir 2021 yil yakuni bo‘yicha O‘zbekistonning YeOII mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 30 foizga o‘sib, qariyb 12,7 mlrd dollarni tashkil qilganini ma’lum qildi. Bunda eksport — 4 mlrd dollardan ko‘proqni, import esa — 8,6 mlrd dollarni tashkil etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yevrosiyo hukumatlararo kengashi a’zolari yig‘ilishida bosh vazir Abdulla Aripov O‘zbekiston Yevroosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lishga tayyorlanayotganini ta’kidlagani haqida xabar berilgandi.