Kiyev Moskva bilan diplomatik aloqalarni uzdi, deb bayonot berdi 24 fevral kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘zining navbatdagi murojaatida.

Ukraina rahbari xalqqa murojaati davomida Rossiyani fashist Germaniyasiga tenglashtirgan.

«Rossiya xuddi fashist Germaniyasi singari pastkashlik qilib, tong saharda hujum qildi», — dedi Zelenskiy.

Ukraina rahbari o‘z nutqida rossiyaliklarga murojaat qilib, ularni Ukraina bilan urushga qarshi mitinglarga chiqishga chorlagan.

«Vijdonini yo‘qotmagan barcha uchun ular bu urushga qarshi ekanliklarini aytib chiqish uchun vaqt bor. Ukrainaga ochilgan urushga qarshi ekanliklarini», — degan Zelenskiy.

Zelenskiy Ukraina QK og‘ir janglarni o‘tkazayotganini, dushman yo‘qotishlarni boshdan kechirayotganini aytib, «bu yo‘qotishlar yanayam kattaroq bo‘ladi, chunki ular bizning zaminimizga bostirib kirdi», degan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin 24 fevral kuni ertalab millatga telemurojaatida Donbass hududida «maxsus harbiy operatsiya» boshlanganini e’lon qildi. Putinning murojaati tugashi bilanoq, Kiyev, Xarkov, Mariupol, Odessa va Ukrainaning boshqa shaharlarida portlashlar boshlandi, deya xabar berdi UNIAN axborot agentligi. Donbassdagi separatistlar tomonidan ham otishmalar boshlandi.

Shuningdek, 24 fevralga o‘tar kechasi BMT xavfsizlik kengashi Ukraina atrofidagi mojarolarga bag‘ishlangan yig‘ilishni chaqirdi. BMT bosh kotibi o‘z chiqishida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni Ukrainaga bostirib kirishni to‘xtatishni, «tinchlikka imkon berishini» so‘ragan va tinchlik o‘rnatishga chaqirgan edi.