O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2−3 mart kunlari Pokistonga tashrif buyuradi. Bu haqda Radio Pakistan nashri Pokiston bosh vazirining Savdo va sarmoya bo‘yicha maslahatchisi Abdul Razoq Dovudga tayanib xabar berdi.

Abdul Razoq Dovud 22 fevral kuni Pokistonga tashrif buyurgan O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov bilan birga OAV vakillari bilan uchrashgan. «Gazeta.uz»ga Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati tasdiqlashicha, vazir hozirda Islomobod shahrida bo‘lib turibdi.

Pokiston vakilining so‘lariga ko‘ra, O‘zbekiston prezidenti tashrif chog‘ida Pokiston rahbariyati bilan ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarni yaxshilash yo‘llarini muhokama qiladi, shuningdek, o‘zaro savdo shartnomalarini imzolaydi.

Maslahatchining ta’kidlashicha, mart oyida ikki davlat o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi kelishuvga erishish rejalashtirilgan. Uning imzolanishi esa Shavkat Mirziyoyevning Pokistonga tashrifi dasturidan o‘rin olgan, deb xabar berdi Pakistan Economic Net.

O‘z navbatida, Sardor Umurzoqov keyingi oydan boshlab Lahordan Toshkentga muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning fevral oyi o‘rtalarida Pokiston bosh vaziri Imron Xon Toshkentga rasmiy tashrif bilan kelgandi. 16 fevral kuni Shavkat Mirziyoyev va Imron Xon O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida strategik sheriklik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiyani imzolagandi.

Shuningdek, tranzit va savdo to‘g‘risidagi hamda ishbilarmonlar va sayyohlar uchun viza tartiblarini soddalashtirish to‘g‘risida hukumatlararo bitimlar, qolaversa, 500 mln dollarlik kelishuvlar ham imzolandi.