Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 22 fevral kuni bo‘lib o‘tgan majlisida «Tashqi mehnat migratsiyasi to‘g‘risida»gi qonun uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun loyihasida tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilangan.

Shuningdek, qonunda nazarda tutilayotgan normalar bilan uyushgan holda ishga joylashtiriladigan fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, O‘zbekistondan tashqarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan fuqarolarni reintegratsiya qilish tartibi tizimlashtirish ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, qonun loyihasida ko‘zda tutilayotgan normalar bilan mehnat migrantlariga muayyan imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilishi rejalashtirilgan.

Qonun loyihasi uchinchi o‘qishda deputatlar tomonidan ma’qullanib, Senatga yuborildi.