Huquqni muhofaza qiluvchi idoralar tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida ekstremistik tashkilotlarga aloqadorlikda gumonlanayotgan bir guruh fuqarolar qo‘lga olindi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

Ushlangan shaxslarning yashash manzillarida o‘tkazilgan tergov harakatlari natijasida, ekstremistik oqim va xalqaro terrorchilik tashkiloti targ‘ibotchilarining aqidaparastlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan hamda taqiqlangan materiallari topilib, qonuniy tartibda rasmiylashtirilib olingan.

Aniqlik kiritilishicha, tadbirlar natijasida ekstremistik tashkilotlarga aloqadorlikda gumonlanayotgan 24 nafar shaxs ushlangan. Ularga nisbatan tergov davom etmoqda.

«Fuqarolarimiz, ayniqsa yoshlarimizni ogohlantirib, bu kabi qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib, ijtimoiy tarmoqlarning shubhali saytlaridagi da’vatlariga aldanib qolmasliklarini, jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallardan foydalanmasliklarini, ularni saqlamasliklarini va tarqatmasliklarini so‘rab qolamiz», — deb ogohlantirdi Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati vakili.