Jo Bayden Rossiya Ukrainaga hujum qilmasa, Putin bilan uchrashishga rozi bo‘ldi

AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiyaning Ukraina «bosqin» qilmasa, Vladimir Putin bilan uchrashishga tayyor. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi Jen Psakiga tayanib TASS xabar berdi.

«Prezident ko‘p marotaba aniq ta’kidlaganidek, biz bosqin boshlangunga qadar diplomatik hamkorlikka sodiqmiz. Davlat kotibi [AQSh, Entoni] Blinken va [Rossiya Federatsiyasi] tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov agar Rossiya harbiy harakatlarni amalga oshirmasa, shu hafta oxirida Yevropada uchrashadi», — deyiladi hujjatda.

«Prezident Bayden bu aloqalardan so‘ng, agar bosqin bo‘lmasa, prezident Putin bilan yana uchrashishga prinsipial rozi bo‘ldi. Biz diplomatiyaga doim tayyormiz», — deyiladi xabarda.


Yaponiyada mamlakatdagi ilk vodorod poyezdi sinovdan o‘tkazildi

Yaponiyaning eng yirik temir yo‘l kompaniyasi mart oyida vodorod yonilg‘i poyezdini sinovdan o‘tkazishni boshlaydi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi. Ikki vagonli Hybari poyezdini ishlab chiqish uchun taxminan 35 mln dollar sarflangan. Poyezd vodorodni bir marta to‘ldirishda 100 km/soat maksimal tezlikda 140 kilometr masofani bosib o‘ta olishi ma’lum qilindi.

Yaponiya hukumati 2050 yilga kelib vodoroddan foydalanish hajmini 20 mln tonnaga oshirishni maqsad qilgan. Bir nechta energetika kompaniyalari vodorod narxini pasaytirish uchun yetkazib berish zanjirlarini qurishga harakat qilmoqda. Germaniya 2018 yildayoq Alstom SA tomonidan qurilgan dunyodagi birinchi vodorod poyezdini ishga tushirgan edi. Siemens AG va Deutsche Bahn AG yangi mintaqaviy poyezdlar va maxsus yonilg‘i quyish shoxobchalarini ishlab chiqayotgani aytildi. Kompaniyalar ularni 2024 yilda sinovdan o‘tkazadi.


Ozarbayjon Armanistonning sobiq prezidentlari Kocharyan va Sargsyanga qidiruv e’lon qildi

Ozarbayjon Armanistonning sobiq prezidentlari Robert Kocharyan va Serj Sargsyanni qidiruvga berdi. Bu haqda Kommersant’ xabar qildi.

Xabarga ko‘ra, 1988 yilning fevral oyidan boshlab Armanistonning sobiq prezidentlari «ozarbayjon va arman xalqlari o‘rtasida milliy adovat qo‘zg‘atish maqsadida shahardagi tashkilot va muassasalarda millati arman bo‘lgan xodimlar ishtirokida yig‘ilishlar o‘tkazgan.

Ular Qorabog‘da ozarbayjonliklarni kamsitganlikda ayblanmoqda. Armaniston va Ozarbayjon Rossiya ishtirokida 2020 yil noyabrida Qorabog‘ urushini tugatishga kelishib oldi. 2021 yilning dekabrida Pashinyan Ozarbayjon bilan tinchlik shartnomasi bo‘yicha muzokaralarni boshlashga tayyorligi haqida gapirgan edi. Armaniston va Ozarbayjon chegarasida mojaroning avj olishi yanvar oyida qayta boshlangan.


DXR va LXR Rossiyadan respublikalarning mustaqilligini tan olishini so‘radi

Donetsk va Lugansk xalq respublikalari rahbarlari Denis Pushilin va Leonid Pasechnik Rossiya prezidenti Vladimir Putinga respublikalar mustaqilligini tan olish iltimosi bilan murojaat qildi, deb xabar berdi RIA Novosti.

Denis Pushilin ta’kidlaganidek, Ukraina hukumati mojaroni kuch bilan hal qilishga qaror qildi. Mustaqillikni tan olishdan tashqari, DXR va LXR rahbarlari Rossiya prezidentidan mudofaa sohasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida bitim tuzish imkoniyatini ko‘rib chiqishni so‘rashdi.

21 fevral kuni Rossiya janubiy harbiy okrugi matbuot xizmati «rossiyalik harbiylar va chegarachilar bir guruh diversantlarning Ukraina hududidan davlat chegarasini buzishining oldini olgani» haqida xabar berdi.

Janubiy harbiy okrug ma’lumotlariga ko‘ra, voqea ertalab soat 6:00 atrofida Rostov viloyatining Mityakinskaya qishlog‘i yaqinida sodir bo‘lgan. Harbiylarning ta’kidlashicha, Ukraina Qurolli kuchlarining ikkita piyoda jangovar mashinasi Rossiya hududiga diversantlarni evakuatsiya qilish uchun kirib kelgan. Ikkala BMP ham yo‘q qilingani aytilmoqda. Guruhning besh nafar a’zosi halok bo‘lgan, rossiyalik harbiylar orasida qurbonlar yo‘q. Ma’lumotni mamlakat Federal xavfsizlik xizmatining Jamoatchilik bilan aloqalar markazi ham tasdiqladi.

Ukraina tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kuleba Twitter’da bu xabarlarni qat’iyan rad etdi.

«Ukraina Donetsk, Luganskka hujum qilmadi, chegaradan diversantlar yoki bronetransportyorlarni yubormadi, Rossiya Federatsiyasi hududi yoki chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktida o‘t ochmadi, qo‘poruvchilik qilmadi. U bunday harakatlarni rejalashtirmaydi «, — deb yozdi u.

TIV rahbari Rossiyadan «soxta xabarlarni zudlik bilan to‘xtatishni» talab qildi.


1 martdan COVID-19'ga qarshi emlanmaganlar Isroilga kirishiga ruxsat beriladi

1 martdan boshlab barcha yoshdagi emlanmagan sayyohlar Isroilga koronavirus uchun ikkita PSR testini topshirish orqali kelishlari mumkin, deb xabar berdi RBK.

Bosh vazir Naftali Bennet nashrlardan biriga bergan intervyusida: «Biz kasallanish haqidagi ma’lumotlarning doimiy ravishda kamayib borayotganini ko‘rmoqdamiz, shuning uchun asta-sekin qayta ochish vaqti keldi».

Mamlakatga kirish uchun emlanmaganlar Isroilga uchishdan oldin, keyin esa mamlakatga kelganidan so‘ng PSR testidan o‘tishlari kerak. Isroil koronavirusning omikron shtammi paydo bo‘lganidan keyin o‘z chegaralarini yopgan dunyodagi dastlabki davlatlardan biri bo‘lgandi. Mamlakatda to‘lqinning eng yuqori cho‘qqisida kuniga 200 mingdan ortiq holat aniqlandi. 20 fevral holatiga ko‘ra, mamlakatda yangi kasallanishlar soni 10354 tani tashkil etmoqda.