18 fevral kuni soat 20:30 larda Navoiy shahridagi «Yangi hayot» savdo majmuasida fuqaro va 3 yoshli nabira eskalatordan qulab tushdi. Bu haqda Navoiy viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ma’lumot berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Karmana tumanida yashovchi, 1969 yilda tug‘ilgan Sh. T. 3 yoshli nabirasi A.S. bilan «Yangi hayot» savdo majmuasiga borgan. Ular savdo majmuasining 5 va 4-qavat oralig‘idagi eskalatorda muvozanatni yo‘qotib, 1-qavatga tushib ketgan.

Fuqaro Sh. T. voqea joyida vafot etgan. Tan jarohati olgan A.S. esa viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markaziga yotqizilgan.

Navoiy viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi reanimatsiya bo‘limi boshlig‘ining «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, bola 3 yosh-u 4 oylik bo‘lgan va hozirda u reanimatsiya bo‘limida. Unga og‘ir qo‘shma jarohat, xususan bosh miya yopiq jarohati, uning lat yeyishi, chanoq suyaklarining o‘ng tomonlama sinishi bilan tashhis qo‘yilgan. Shuningdek, unda peshona sohasi teri osti gemotomasi hamda posttravmatik shokning og‘ir darajasi qayd etilgan. Reanimatsiya bo‘limi boshlig‘ining so‘zlariga ko‘ra, bolaning ahvoli og‘ir, es-hushi karaxtlashgan, bugun, 19 fevral MRT va boshqa barcha tekshiruvlar o‘tkazilgan. Standartlar bo‘yicha barcha muolajalar olib borilayapti.

Holat yuzasidan Navoiy shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari ketmoqda.