Andijon viloyati Asaka tumanida uch fuqaro ko‘mir is gazidan zaharlanishdan vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsuddinov «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

Hodisa Chek MFY hududi o‘ramida joylashgan «Asaka zotli chorvasi» fermer xo‘jaligiga tegishli dala shiyponida yuz bergan.

Dala shiyponida bo‘lgan uch erkak — fermer xo‘jaligining yollanma ishchilari (ikki nafari 48 yoshda, biri 61 yoshda bo‘lgan — tahr.) xonadagi xontaxtadan qo‘lbola usulda sandal tayyorlab, uning ichiga ko‘mir yoqib isitishgan va buning oqibatida ko‘mir yonishida hosil bo‘lgan is gazidan vafot etishgan.

Marhum fuqarolar D.Xojimatov, B.Yakubjonov va M.Xakimovlning badanlari ko‘zdan kechirilganida, tan jarohati va jarohat izlari aniqlanmagan. Marhumlarning vafoti yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Hozirda tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.