AQSh Rossiyadan xavfsizlik choralari bo‘yicha javobni qabul qildi

Qo‘shma Shtatlar Rossiyadan xavfsizlik masalalari bo‘yicha o‘z takliflariga javob oldi, u payshanba kuni Moskvadagi Amerika diplomatik missiyasi rahbari Jon Sallivanga topshirildi, deb xabar qildi RIA Novosti.

«Rossiya Federatsiyasidan javob olganimizni tasdiqlashimiz mumkin. U bugun Moskvadagi elchi Jon Sallivanga topshirildi», — deya ta’kidlagan amerikalik diplomat.

Sallivan kunning boshida Rossiya Tashqi ishlar vazirligi binosiga tashrif buyurdi. U yerda 15 daqiqaga yaqin turgach, diplomat jurnalistlar bilan gaplashmay, Rossiya diplomatik idorasidan chiqib ketgan.


Donbassda sukunat rejimini buzish holatlari keskin oshdi

Ukraina Mudofaa vazirligi 17 fevral kuni Donbassda sukunat rejimini buzish holatlari keskin ortganini ma’lum qildi.

Hudud bo‘yicha hisobotga ko‘ra, Ukraina vaqti bilan soat 11:00 holatiga ko‘ra, sukunat rejimini 29 holatda buzilishi qayd etilgan, ulardan 27 tasi Minsk kelishuvlarida taqiqlangan qurollardan foydalanish bilan bog‘liq ekani aytildi. Bir kun avval bir vaqtning o‘zida 4 ta shunday holat kuzatilgan.

«Rossiya qo‘shinlari Lugansk viloyatidagi Luganskaya qishlog‘ini o‘qqa tutdi. Terrorchilar 122 mm kalibrli og‘ir artilleriya qurollaridan 32 ta snaryad otgan. Oqibatda bolalar bo‘lgan bog‘cha binosi shikastlangan», — dedi harbiylar.

«Kommunal infratuzilma ham shikastlangan — aholi punktining yarmi elektrsiz qolgan», — deyiladi Mudofaa vazirligi bayonotida.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, otishma natijasida bog‘chaning uch nafar xodimi snaryad zarbasini qabul qilgan. Harbiylar tezda bolalar va tarbiyachilarni boshpanaga evakuatsiya qilgan.


Braziliyada ko‘chki oqibatida 94 kishi halok bo‘ldi

Braziliyaning Petropolis munitsipalitetida kuchli yog‘ingarchilik natijasida yuzaga kelgan ko‘chki va suv toshqinlari oqibatida halok bo‘lganlar soni 94 kishiga yetdi. Bu haqda Globo telekanali xabar berdi.

Xabarda aytilishicha, halok bo‘lganlarning 8 nafari voyaga yetmaganlar ekani aytildi. Ayni vaqtga qadar qutqaruvchilar vayronalar ostidan 24 kishini chiqarib olishgan, yana 35 kishini qidirish ishlari davom etayotgani aytildi. Qidiruv ishlariga 400 nafar qutqaruvchi, 200 nafar politsiyachi, shuningdek, harbiylar va volontyorlar jalb qilingan.

«Bu shaharda 1932 yildan buyon kuzatilgan eng kuchli yomg‘ir bo‘ldi», — dedi Rio-de-Janeyro shtati gubernatori Kaludiu Kastru.


«Tolibon» armiyadagi askarlar sonini 150 mingga kishiga yetkazmoqchi

Afg‘oniston Mudofaa vazirligi 150 ming kishilik yangi armiya qurishni rejalashtirmoqda, unga tajribali harbiylar ham jalb etiladi. Bu haqda toliblar mudofaa vazirining matbuot kotibi Inoyatullo Xorazmiy Bakhtar News Agency bergan intervyusida aytib o‘tdi.

«Bunday armiyani tashkil etish uchun tajribali harbiylar kerak va Milliy Mudofaa vazirligi yangi armiyaga tajribali harbiy zobitlarni jalb qilishni rejalashtirmoqda», — dedi Inoyatullo Xorazmiy.

Shuningdek, u Milliy mudofaa kuchlari maxsus formaga ega bo‘lishini va bunday formani ishlab chiqarish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini aytdi.

Xorazmiy avvalgi tuzum qulagan paytda mamlakatdan olib chiqilgan harbiy texnika bo‘yicha «qator qo‘shni davlatlar bilan bu borada muloqotlar davom etayotganini» ma’lum qildi.

Global Firepower ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda harbiy xizmatchilarning umumiy soni 65 ming nafarni (Jahon bankining 2018 yildagi ma’lumotlariga ko‘ra — 68 ming nafar) tashkil etadi. Taqqoslash uchun: Qozog‘istonda — 77 ming, Qirg‘izistonda — 22 ming, Tojikistonda — 15 ming harbiy xizmatchi mavjud.


Turkmaniston prezidentligiga ikkinchi nomzod ma’lum qilindi

Turkmaniston poytaxti Ashxoboddagi Qishloq xo‘jaligi majmuasi binosida mamlakat Agrar partiyasining navbatdan tashqari, IV s’ezdi bo‘lib o‘tdi, uning kun tartibida Turkmaniston Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish masalasi ko‘rildi. Bu haqda Turkmanistonning «Zolotoy vek» nashri xabar berdi.

Mari viloyati hokimi o‘rinbosari, Turkmaniston Agrar partiyasi vakili Agadjan Bekmiradovni davlat rahbari lavozimiga nomzod sifatida ko‘rsatish taklifi ko‘rib chiqildi va tasdiqlandi.


Belgiyada to‘rt kunlik ish haftasiga o‘tilishi mumkin

Belgiya hukumati fuqarolarga haftasiga besh kun emas, to‘rt kun ishlash imkonini beruvchi mehnat qonunchiligi islohotini e’lon qildi, deya xabar berdi Reuters.

Ishchilarga bir kun kamroq ishlashga ruxsat beruvchi boshqa mamlakatlar va kompaniyalardan farqli o‘laroq, Belgiya hukumati o‘z fuqarolariga faqat ish smenasini oshirish orqali qo‘shimcha dam olish kuni berishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Belgiyada standart ish haftasiga 38 soatni tashkil qiladi — bu soatlarda odamlar ishlashi kerak bo‘ladi, shuning uchun ularning smenalari an’anaviy sakkiz soatdan o‘n soatga oshadi.

Biroq ish haftasini qisqartirish bo‘yicha bunday shartlar hali ham hukumat koalitsiyasining dastlabki kelishuvi bo‘lib, u hali qonun loyihasi sifatida rasmiylashtirilmagan va keyin tasdiqlash jarayonidan o‘tadi.

Bundan tashqari, ushbu formatdagi to‘rt kunlik ish haftasi tajriba tariqasida joriy etiladi — faqat unda ishtirok etishni xohlovchi xodimlar qatnashishi mumkin. Bunday holda ular kasaba uyushmasi orqali ish beruvchining roziligini olishlari kerak bo‘ladi. Agar ish beruvchi rozi bo‘lsa, ishchilarga olti oy davomida yangi jadval bo‘yicha ishlash imkoniyati beriladi. Faqatgina ushbu sinov muddatidan so‘ng ular haftada to‘rt kun ishlashni davom ettirishlari yoki an’anaviy rejimga qaytishlari mumkin bo‘ladi.