15 fevrla kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida erkak o‘zini beshinchi qavatdan tashlashga urindi. Hodisani Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga tasdiqladi.

Ta’kidlanishicha, internet tarmoqlarida tarqalayotgan xabarlarda o‘zini beshinchi qavatdan tashlamoqchi bo‘lgan erkak ushbu universitet xodimi sifatida ko‘rsatilgan.

Biroq, erkak universitet xodimi emas, shu oliy ta’lim maskanidagi qurilishda ishlagan, 40 yoshdan oshgan yollanma ishchi ekanligi aytilmoqda. Erkak maoshini ololmagani sababli, o‘z noroziligini shu tarzda namoyish etishga uringan.

Hodisadan xabar topgan Olmazor tuman IIB FMB boshlig‘i Mahkam Vafoyev voqea joyiga borib, erkak bilan muzokaralar o‘tkazgan va uni pastga tushishiga yordamlashgan.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati rahbari sal vaqt o‘tib, «fuqaroning oliy ta’lim muassasasiga aloqasi yo‘qligi va u universitet xodimi emasligi» haqida aniqlik kiritdi.

«Ushbu holat bo‘yicha qurilish tashkiloti rahbarlari, IIB xodimlariga zudlik bilan xabar berilgan. Shundan so‘ng, fuqaro bilan gaplashilib, unga qurilish tashkiloti tomonidan ish haqi to‘lab berilishi ta’minlangan», — deyiladi xabarda.