Poytaxtning Shayxontohur tumani Labzak ko‘chasida joylashgan «Anhor-Lokomotiv» ko‘ngilochar va dam olish bog‘i sotuvga qo‘yildi. Bu haqdagi e’lon «E-AUKSION» elektron savdo platformasiga joylashtirildi.

2016 yilda qurilgan hududning boshlang‘ich narxi 376 mlrd 485 mln 703 ming so‘mga baholangan (obyekt narxi QQS bilan ko‘rsatilgan). Sotib olish uchun zakalat puli miqdori esa 18,8 mlrd so‘mga (5%) teng.

Foto: E-Auksion.

Yer uchastkasining umumiy maydoni 8,35 gektar. Uning 1,795 gektar qismida qurilish ishlari mavjud.

Binoning umumiy maydoni — 17950 kv. metr, uning foydali qismi esa 41466 kv.metrni tashkil qiladi. Elektr energiyasi, gaz, suv va kanalizatsiyasi mavjud, binolarning holati yaxshi.

Foto: E-Auksion.

Bog‘ attraksionlar va binolar bilan birga sotuvga qo‘yilgan. obyektning sotuvchisi esa — Anhor Sayli kompaniyasi hisoblanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, xizmat ko‘rsatish obyektining 1821 kv. m hududi o‘zboshimcha egallangan bo‘lib, noqonuniy qurilgan bino hozirgi kunda buzilmoqda.

Arizalar 18 mart soat 9:00 gacha qabul qilinadi, auksionning o‘zi soat 10:00 da bo‘lib o‘tadi.

Spot`ning yozishicha, bu E-auksion`dagi — nafaqat hozirgi paytda, balki onlayn-auksion boshlangan davrdan beri — eng qimmat lot hisoblanadi. Bundan oldingi rekord sobiq GUM (Toshkent savdo markazi) binosiga tegishli, u 2021 yilning yanvarida 242,8 mlrd so‘mga sotilgandi.