Turkmaniston davlat rahbarining o‘g‘li Serdar Berdimuhamedov prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatildi, deya xabar berdi RIA Novosti.

«Bugun Turkmaniston jamoat tashkilotlari markazida Turkmaniston demokratik partiyasining navbatdan tashqari IX qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Uning kun tartibiga ko‘ra prezidentlikka Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovning nomzodi ilgari surildi», — deyiladi xabarda.

11 fevral kuni Gurbanguli Berdimuhamedov o‘g‘li Serdarni (40 yosh) bosh vazir o‘rinbosari etib tayinlagandi va Xavfsizlik kengashiga tanishtirgan edi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Turkmanistonda navbatdan tashqari prezident saylovlari 12 mart kuni bo‘lib o‘tishi haqida xabar berilgandi. Mamlakat prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Xalq Maslahati yig‘ilishida nutq so‘zlab, davlat boshqaruvi yosh rahbarlarga berilishi kerakligini ta’kidladi. Uning o‘zi esa Xalq Maslahati raisi sifatida faoliyatini davom ettirmoqchi.

«Ikki yil oldin men payg‘ambar yoshiga yetdim. Bugun esa o‘zim haqimdagi qiyin qarorga kelganimni aytib, uni sizlar bilan muhokama qilmoqchiman, — dedi Gurbanguli Berdimuhamedov deputatlarga murojaat qila turib. — Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida davlat boshqaruviga yo‘l yosh rahbarlarga berilishi kerak degan fikrni qo‘llab-quvvatlayman… Men Xalq Maslahatining raisi sifatida o‘zimning ulkam hayotiy va siyosiy tajribamni ushbu sohaga yanada ko‘proq yo‘naltirmoqchiman», — degan edi Gurbanguli Berdimuhamedov.

Turkmaniston prezidenti sifatida Turkmanistonda tug‘ilgan va 40 yoshdan kichik bo‘lmagan shu mamlakat fuqarosi saylanishi mumkin. Davlat rahbari bevosita xalq tomonidan 7 yil muddatga saylanadi. So‘nggi marotaba Turkmanistonda prezidentlik saylovlari 2017 yilda o‘tkazilgandi. Kelgusi saylov 2024 yilda bo‘lib o‘tishi kerak edi.