2022 yil 24−26 mart kunlari birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF) bo‘lib o‘tadi, deya xabar qildi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.

Tadbir «strategik tashabbuslarni muhokama qilish va amalga oshirish uchun yangi maydon»ga aylanadi. Bundan tashqari, O‘zbekiston xalqaro biznes hamjamiyatiga mamlakatning sarmoyaviy imkoniyatlarini namoyish etadi.

Forumdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekiston bozorida o‘z faoliyatini kengaytirishdan manfaatdor bo‘lgan xorijiy investorlar, moliya-iqtisodiy tashkilotlarini jalb etishdan iborat.

Forum ishtirokchilari quyidagi imkoniyatlarga ega bo‘ladilar:

  • O‘zbekiston ishbilarmonlik muhitidagi o‘zgarishlar bilan tanishish va uni rivojlantirishning yangi bosqichida ishtirok etish;
  • mintaqaviy tashabbuslar doirasida logistika infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni aniqlash;
  • iqtisodiyotni erkinlashtirishga qaratilgan davlat dasturi bilan tanishish;
  • to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va xususiylashtirish yo‘nalishlaridagi yirik loyihalarni o‘rganish;
  • O‘zbekiston va Markaziy Osiyo hukumati, moliya va ishbilarmon doiralaridagi muhim shaxslar bilan aloqa o‘rnatish.

Tadbirda turli mavzular — yashil energiyadan innovatsion sanoatgacha, qishloq xo‘jaligidan iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirishgacha bo‘lgan mavzular muhokama qilinadi. Bundan tashqari, forumning so‘nggi kunida xohlovchilar uchun mahalliy korxonalarga sayohatlar tashkil etiladi.

Forumda ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tish lozim. Tadbir haqida batafsil ma’lumot iift.uz saytida mavjud.

Ma’lumot uchun, birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi 2020 yil 5−6 mart kunlari bo‘lib o‘tishi kerak edi. Biroq koronavirus pandemiyasi sababli forum qoldirilgan edi.