Turizm va sport vazirligi boshchiligidagi respublika ishchi guruhi Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumanida «Maydanak» turistik-rekreatsion zonasini tashkil etish yuzasidan tegishli o‘rganishlarni olib bormoqda.

Vazirlik matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, hozirgi vaqtda Qarshi shahridan 176 km uzoqlikda joylashgan XIV asr ziyoratgohi va masjidi bo‘lgan «Langar ota» hamda «Maydanak» observatoriyasi hududigacha bo‘lgan yo‘l, elektr ta’minoti, suv va oqova suv infratuzilmasi o‘rganilib, tegishli loyiha ishlab chiqilmoqda.

Foto: Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.

Soha mutaxassislari dengiz sathidan 2650 metr yuqorida bo‘lgan «Maydanak» observatoriyasida bo‘lib, Maydanak tog‘larining 7900 gektar archazor hududlarida o‘tov, «camping», «glamping», eko-uylar, yengil konstruksiyali konteynerlar joylashtirishni muhokama qilgan.


Bundan tashqari, Ko‘kbuloq, O‘rtadara, Chuqurqishloq, Kattao‘ra, Bog‘obod qishloqlarida 100 dan ortiq mehmon uyi barpo etish ko‘zda tutilgan. Ko‘rsatiladigan xizmatlarni diversifikatsiyalash orqali hududda «Mountain treck», «Mountain bike» va ekstremal turizm xizmatlari rivojlantirish reja qilingan.

Shu bilan birga, osma dor yo‘li, 3 yulduzli mehmonxona hamda sog‘lomlashtirish majmualarini qurish ham kutilmoqda.