1 iyuldan test rejimida avtomobil yo‘llari sohasiga tegishli ma’lumotlar bazasini o‘z ichiga olgan «Shaffof yo’l» platformasi ishga tushiriladi. Bu Hukumatning 2 fevraldagi [49-son] qarorida qayd etilgan, deb xabar berdi Adliya vazirligi.

Platformaning alohida sahifasiga fuqarolarning yo‘llar nosozligi, shuningdek, yo‘llarda va yo‘l bo‘yida xavfsiz harakatlanish uchun yuzaga kelgan favqulodda texnik muammolar haqida foto va videomurojaatlari jamoatchilik fikri asosida joylashtiriladi. Bu svetoforlar va yo‘l belgilar o‘rnatilmaganligi yoki ularning shikastlanganligi, tabiiy ofatlar natijasida yuzaga keladigan hodisalar ortidan hosil bo‘ladigan oqibatlar va boshqalar bo‘lishi mumkin.

Bunda 1 martgacha ichki xo‘jalik yo‘llarining joylashgan manzili (geopozitsiyasi), to‘liq nomi, uzunligi, holati (asfaltlangan, ta’mirtalab) va boshqa ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan Ichki xo‘jalik yo‘llari reyestri shakllantiriladi.

1 maygacha avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash obyektlarining interaktiv onlayn xaritasi-sxemasi ishlab chiqilib, platformaga joylashtiriladi.

2023 yildan boshlab va keyinchalik har yili qurilishi, rekonstruksiya qilinishi, ta’mirlanishi nazarda tutilgan barcha toifadagi yo‘l uchastkalari xaritaga kiritiladi.

Shuningdek, qarorga ko‘ra, «Ochiq budjet» axborot portali orqali hududiy ichki yo‘llarini ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘lar jamoatchilik fikri asosida shakllangan ichki xo‘jalik yo‘llarni ta’mirlashga yo‘naltiriladi.

Bu bo‘yicha tasdiqlangan nizomga ko‘ra, jamoatchilik fikri asosida ichki yo‘llarni ta’mirlashda takliflarni qabul qilib olish har yili 10 yanvargacha, bildirilgan takliflar orasidan g‘olib takliflarni ovoz berish yo‘li bilan aniqlab olish 31 yanvarga qadar amalga oshiriladi.

«Takliflarni yuborish hamda ovoz berishda voyaga yetgan fuqarolar ishtirok etishlari mumkin. Fuqarolar har yili ichki yo‘llarni ta’mirlashga doir faqat bitta taklifni kiritishi hamda bitta taklifga ovoz berishi mumkin. Fuqarolar o‘zlari tomonidan kiritilgan taklifga ovoz berishi taqiqlanadi. Tanlangan ichki yo‘llar axborot portalida avtomatik ravishda taklif sifatida shakllanadi va boshqa fuqarolarning ovoz berishi uchun imkoniyat yaratiladi», — deyiladi xabarda.

Har bir tuman va shaharlarda bildirilgan takliflar bo‘yicha berilgan eng ko‘p ovozlar sonidan kelib chiqib, yuqoridan pastga qarab saralanadi.

Tuman (shahar) mahalliy budjetlari parametrlarida hududiy ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun ajratilgan jami mablag‘larning kamida 50 foizi doirasida g‘olib takliflarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Platforma 2023 yil 1 yanvardan boshlab to‘liq ishga tushadi.