Putin va Si Szinpin tashqi aloqalarga oid bayonotni imzoladi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Szinpin yangi davrga qadam qo‘yayotgan xalqaro munosabatlar va global barqaror rivojlanish haqidagi qo‘shma bayonotni imzoladi, deya xabar berdi RIA Novosti.

«Tomonlar demokratiya alohida davlatlarning imtiyozi emas, balki umuminsoniy qadriyat ekanligini, uni targ‘ib etish va himoya qilish butun jahon hamjamiyatining umumiy vazifasi ekanligini bir ovozdan tushunadi», — deyiladi xabarda.

Uchrashuv chog‘ida Rossiya Tayvanga nisbatan pozitsiyasini bildirdi. Moskvaning orol mustaqilligiga keskin qarshi ekani aytildi.

«Rossiya tomoni „Yagona Xitoy“ tamoyiliga sodiqligini yana bir bor tasdiqlaydi, Tayvan Xitoyning ajralmas qismi ekanligini tasdiqlaydi va har qanday shaklda Tayvan mustaqilligiga qarshi chiqadi», — deyiladi Kreml hujjatida.

Shuningdek:

  • Deutsch Welle (DW, Germaniya) telekanalining Moskvadagi byurosi Rossiya rasmiylarining mamlakatda telekompaniya efirlarini taqiqlash haqidagi qaroridan keyin yopildi. Telekanal bu taqiqqa qarshi chiqish niyatida. Yevropa Ittifoqi Rossiya rasmiylarining qarorini nomaqbul deb atadi — Kommersant’.

NATO bosh kotibi o‘z lavozimidan ketib, Norvegiya Milliy bankiga rahbarlik qiladi

NATO bosh kotibi Yens Stoltenbergning vakolati 2022 yil 1 dekabrda tugaydi. U shu kundan Norvegiya Markaziy bankiga rahbarlik qilishni boshlaydi. Regulyatorning amaldagi rahbari Oystein Olsen esa 1 mart kuni o‘z lavozimini tark etadi. Norvegiya Milliy banki rahbari Stoltenbergni yangi lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi. Bu haqda Kommersant’ xabar berdi.

«Men Stoltenbergni ishonchli va tajribali iqtisodchi sifatida bilaman. Ishonchim komilki, u o‘zining katta tajribasi bilan bu vazifani yaxshi bajara oladi», — dedi Oystein Olsen.

Yens Stoltenberg — Norvegiyaning sobiq bosh vaziri. U 2014 yil oktabr oyidan beri NATO bosh kotibi lavozimida ishlab kelmoqda. Dekabr oyida «Reyters» agentligi Yens Stoltenberg Milliy bank rahbari lavozimiga nomzod sifatida ariza topshirgani haqida xabar bergan edi. Unga jami 22 nafar nomzod hujjat topshirgan.


Mark Sukerberg dunyoning eng badavlat kishilari TOP-10'ligidan chiqib ketdi

3 fevral kuni yomon hisobotlar tufayli Meta Platforms aksiyalari tushib ketgani sababli Facebook asoschisi Mark Sukerbergning boyligi bir kun ichida 29,7 mlrd dollarga kamaydi.

Meta’ning 13% ulushiga egalik qiluvchi Sukerbergning hozirgi kundagi boyligi, Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, 84,8 mlrd dollarga teng. Amerikalik tadbirkor 2015 yilning yozidan beri birinchi marta sayyoraning eng badavlat odamlari o‘ntaligiga kira olmadi.


AQShda bo‘ron tufayli 230 ming kishi elektrsiz qoldi

AQShning markaziy va sharqiy qismida qor bo‘roni oqibatida 230 mingdan ortiq odam elektrsiz qoldi. Bu haqda PowerOutrage.US portaliga tayanib TASS nashri xabar berdi.

Unga ko‘ra, ayni paytda qor va yomg‘ir sabab 232 mingdan ziyod iste’molchi elektr ta’minotisiz qolgan. 137 mingdan ortiq kishi elektr ta’minotida uzilishlarga duchor bo‘lgan Tennessi shtati tabiiy ofatning eng og‘ir qismini o‘z zimmasiga oldi.

Og‘ir ob-havo sharoiti tufayli mamlakat bo‘ylab 4857 ta reys bekor qilingan, Texasdagi Dallas aeroportlari havo qatnovini to‘rtdan uch qismga qisqartirishga majbur bo‘lgan. Yo‘llarning muzlashi xavfi tufayli Kentukki hukumati mahalliy aholini sayohat qilishdan tiyilishga chaqirdi.


Argentinada 23 kishi kokaindan zaharlanish oqibatida vafot etdi

Buenos-Ayres chekkasida kokaindan zaharlanish oqibatida kamida 23 kishi halok bo‘ldi, 84 kishi kasalxonaga yotqizildi. Bu haqda Todo Noticias telekanali xabar berdi. Avvalroq 20 ga yaqin kishining halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.

Buenos-Ayres provinsiyasi sog‘liqni saqlash vaziri Nikolas Kreplakning so‘zlariga ko‘ra, boshqa modda bilan aralashtirilgan kokain iste’mol qilingani sababli mintaqa shifoxonalarida 200 dan ortiq shikoyatlar qayd etilgan.

Viloyat xavfsizlik vaziri Serxio Bernining aytishicha, savdogarlar aralashmaning nisbatlarini noto‘g‘ri ishlatib, uni juda zaharli qilib qo‘ygan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, zaharlanganlarning barchasi dori vositalarini bir joydan sotib olgan. Sakkiz kishi kokain sotishga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olindi.


AQSh harbiylari ISHID rahbarlaridan birini yo‘q qildi

AQSh harbiylari Suriya shimoli-g‘arbida aksilterror operatsiyasini o‘tkazdi. Bu haqda prezident Jo Bayden o‘z bayonotida ma’lum qildi.

«Kecha mening ko‘rsatmam bilan Suriya shimoli-g‘arbiy qismidagi AQSh harbiy kuchlari Amerika xalqi va ittifoqchilarimizni himoya qilish va dunyoni xavfsizroq joyga aylantirish uchun aksilterror operatsiyasini muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Qurolli Kuchlarimiz mahorati va jasorati tufayli ISHID yetakchisi Abu Ibrohim al-Hoshimiy al-Qurayshiyni jang maydonidan olib chiqdik. Barcha amerikaliklar operatsiyadan eson-omon qaytdi. Bugun ertalab Amerika xalqiga izohlarimni yetkazaman. Alloh askarlarimizni asrasin», — deyiladi xabarda.

Operatsiyaning boshqa tafsilotlari ham keltirilmagan.

AQSh 2019 yil oktabr oyida Idlibda xuddi shunday operatsiya uyushtirgan, natijada ISHID yetakchisi Abubakr al-Bag‘dodiy yo‘q qilingan edi.