Oliy Majlis Senatining 23 yalpi majlisida «Geografik ko‘rsatkichlar to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilindi, deb xabar berdi yuqori palata matbuot xizmati.

Senatorlar intellektual mulk sohasidagi milliy qonunchilikka muvofiq mintaqaviy brendlarni rivojlantirishning vositalaridan biri intellektual mulkning obyekti bo‘lgan tovar kelib chiqqan joy nomlari hisoblanishini ta’kidlashdi. U geografik obyektlar, shu jumladan, ma’muriy-hududiy birliklar, tabiiy obyektlar bilan uzviy bog‘liq.

Tahlillarga ko‘ra, O‘zbekistonda faqat 4 ta tovar kelib chiqqan joy nomi ro‘yxatdan o‘tkazilgan, shulardan atigi 2 tasi mahalliy ishlab chiqaruvchilar bo‘lsa, qolgan 2 tasi xorijiy ishlab chiqaruvchilarga tegishlidir.

Bunday holat intellektual mulkning bu sohasi O‘zbekiston hududlari ma’lum bir hududga xos mahsulotlarni, ayniqsa qishloq xo‘jaligi va hunarmandchilik sohasidagi mahsulotlarni ommalashtirish va rivojlantirishda imkoniyatlar yetarli darajada bo‘lmaganini ko‘rsatadi.

«Tovar kelib chiqqan joy nomlariga bo‘lgan qatiy talablar o‘rnatilmaganligi tufayli mamlakatda mintaqaviy brendlar rivojlanmasdan qolmoqda», — deyiladi xabarda. Ushbu qonunda ilk marotaba «geografik ko‘rsatkich» — tovarni muayyan geografik obyekt hududidan kelib chiqqan tovar sifatida identifikatsiyalovchi belgi tushunchasi aks ettirilgan. Unda tovarning sifati, nom qozonganligi yoki boshqa xususiyatlari uning geografik jihatdan kelib chiqishiga sezilarli darajada bog‘liq bo‘ladi.

Geografik ko‘rsatkich, ishlab chiqarilayotgan tovarni belgilash uchun nomi qo‘llaniladigan mazkur geografik obyektda joylashgan bir nechta yuridik yoki jismoniy shaxslarning talabnomasiga binoan ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkinligi belgilanmoqda. Boshqa manfaatdor shaxslar bo‘lmagan taqdirda esa bitta yuridik yoki jismoniy shaxs ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin.

Mazkur qonun o‘zining noyob mahsuloti uchun belgini ro‘yxatdan o‘tkazishni xohlovchi ishlab chiqaruvchilar soni ko‘payishiga, eng asosiysi mintaqaviy brendlarni rivojlantirishga xizmat qiladi, degan fikrda senatorlar.

Bu esa, ishlab chiqaruvchilarning geografik ko‘rsatkich bilan himoyalanadigan qo‘shimcha qiymatga ega o‘z mahsulotining mahalliy va xorijiy bozorlarga chiqishiga imkon yaratadi.

Qolaversa, hududlarga turistik oqimining ko‘payishi, «gastronomik turizm»ning rivojlanishi hamda hududlarning turistik jozibadorligining oshishi aynan mazkur qonun bilan bog‘liqligi senatorlar tomonidan e’tirof etildi.

Senat a’zolari ushbu qonunni ma’qulladi.