Katta miqdordagi xorijiy valyutani O‘zbekistondan olib chiqish bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi. Mazkur holat yuzasidan Namangan va Andijon viloyatlarida DXX tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar lavhasi «O‘zbekiston 24» telekanalida efirga uzatildi.

Tadbir davomida Anjidon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanining chegara oldi hududida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro boshqaruvidagi Damas avtomobili tekshirilganida, uning salonida 968 900 AQSh dollari borligi ma’lum bo‘lgan. Pullar protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Ta’kidlanishicha, tezkor tadbir tumandagi yog‘och bozorida davom ettirilgan. Yuqoridagi fuqaroni kutib turgan 1964 yilda tug‘ilgan (muqaddam sudlangan) fuqaro ham ushlangan. Uning Damas avtomobilidan esa 672 206 AQSh dollari chiqqan va u ham tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.

«Bundan tashqari, O‘zbekistonda vaqtincha ro‘yxatdan o‘tib yashayotgan, ushbu jinoiy guruh yetakchisi, qirg‘izistonlik 1974 yilda tug‘ilgan shaxs Toshkent shahrida, qolaversa, guruh a’zolari bo‘lmish 5 nafar Qirg‘iziston fuqarosi Andijon shahrida qo‘lga olindi», — deyiladi xabarda.

Foto: Videodan lavha.

O‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida jami 1 mln 641 ming 106 AQSh dollarining mamlakat hududidan noqonuniy olib chiqib ketilishiga chek qo‘yilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi «a» bandi (Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilikni juda ko‘p miqdorda buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayni vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ular BHMning 300 baravaridan 600 baravarigacha (8,1 mln — 16,2 mln so‘m) miqdorda jarima yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 5 yildan sakkiz 8 ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.