1 fevral kuni Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi «Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti qoshidagi innovatsion klinikada tibbiy yordam ko‘rsatishni yaxshilash uchun» beg‘araz ko‘mak loyihasi doirasida umumiy miqdori 794 mln yapon iyenasi (qariyb 6,9 mln AQSh dollari)ni tashkil etuvchi grant shartnomasini imzoladi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

Endilikda JICA Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti qoshidagi Innovatsion klinikaga tibbiy asbob-uskunalar yetkazib berishni boshlaydi.

Ayni paytda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan 2021 yil sentabr oyida foydalanishga topshirilgan Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti qoshidagi Innovatsion klinika binolarini qurish va ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazilgan. Innovatsion klinika Qoraqalpog‘istondagi asosiy o‘quv bazasi bo‘lib, jami 120 o‘ringa mo‘ljallangan.

Loyiha tibbiyot xodimlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning samarali tizimini shakllantirish, tibbiyot fanini rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlanmoqda.

Grant shartnomasi imzolanganidan so‘ng, Sog‘liqni saqlash vazirligi Loyihani ijro etuvchi agentlik va Yaponiyada tanlanadigan maslahatchi konsalting xizmatlarini ko‘rsatish (loyiha va tender hujjatlarini tayyorlash, tender takliflarini baholash, pudratchi va yetkazib beruvchi bilan shartnomalar, nazorat qilish, asbob-uskunalarni xarid qilish, yetkazib berish, o‘rnatish, foydalanish va texnik xizmat ko‘rsatishni nazorat qilish va boshqalar) bo‘yicha shartnoma tuzadi.

JICA ko‘magida yetkazib beriladigan tibbiyot uskunalari, jumladan simulyatsiya markazi uchun o‘quv moslamalari diagnostika, davolash va asosiy kasalliklar (rejali jarrohlik amaliyotlari, terapiya, kardiologiya, otorinolaringologiya va hokazo)ni davolashda ixtisoslashgan, yuqori texnologiyali tibbiy ko‘mak sifati oshishiga, sog‘liqni saqlash tizimiga ilg‘or metodlar va texnologiyalar joriy etilishiga xizmat qiladi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston tibbiyot muassasalari kadrlar salohiyatining o‘sishiga sifatli hissa qo‘shishiga yo‘naltirilgan.