28 yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti 2022−2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu hujjat loyihasi o‘tgan yilning 30 dekabridan 2022 yil 15 yanvar kuniga qadar 2022−2026.strategy.uz, regulation.gov.uz va jamoatchilik.uz portallari orqali keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilgan.

Strategiya 7 ta yo‘nalish va 100 ta maqsaddan tashkil topgan. Taraqqiyot strategiyasini 2022 yilda amalga oshirishga oid Davlat dasturida rejalashtirilayotgan tadbirlarni moliyalashtirishga umumiy qiymati 55 trln so‘m va 11,7 mlrd AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Birinchi yo‘nalish: inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish

1-maqsad: Mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish.

2-maqsad: Xalq deputatlari Kengashlarini hududlarda mavjud muammolarni hal qilishdagi asosiy bo‘g‘inga aylantirish.

3-maqsad: Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatining institutsional asoslarini zamon talablariga moslashtirish.

4-maqsad: Davlat boshqaruvi organlari faoliyatini «fuqarolarga xizmat qilishga yo‘naltirish» tamoyili asosida transformatsiya qilish.

5-maqsad: Ixcham, professional, adolatli, yuqori natijadorlikka xizmat qiladigan davlat boshqaruvi tizimini joriy qilish.

6-maqsad: Davlat boshqaruvi tizimida ma’muriy apparatni ixchamlashtirish va ish jarayonlarini maqbullashtirish.

7-maqsad: Mamlakatdagi islohotlarni izchil davom ettirishda Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar rolini yanada oshirish.

8-maqsad: Norma ijodkorligi jarayonini modernizatsiya qilish, qonunchilik hujjatlarining qat’iy ijrosini ta’minlash.

9-maqsad: «Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish, elektron davlat xizmatlarining ulushini 100 foizga yetkazish hamda byurokratiyani bartaraf etish.

10-maqsad: Davlat fuqarolik xizmati tizimini zamonaviy standartlar asosida tashkil etish.

11-maqsad: Xalq bilan muloqotning mexanizmlarini takomillashtirish.

12-maqsad: Ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish.

Ikkinchi yo‘nalish: O‘zbekistonda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish

13-maqsad: Mulkiy huquqlarning daxlsizligini ishonchli himoya qilish hamda davlat organlarining mulkiy munosabatlarga noqonuniy aralashuvini cheklash.

14-maqsad: Qonun ustuvorligi va konstitutsiyaviy qonuniylikni ta’minlash hamda inson qadrini ushbu jarayonning bosh mezoni sifatida belgilash.

15-maqsad: Davlat organlari va mansabdor shaxslarning faoliyati ustidan samarali sud nazoratini o‘rnatish hamda fuqaro va tadbirkorlik subyektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirish.

16-maqsad: Jamoat xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklarning sodir etilishiga sabab bo‘lgan shart-sharoitlarni o‘z vaqtida aniqlash va bartaraf etishning samarali tizimini yaratish.

17-maqsad: Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning yangi qiyofasini shakllantirish va ularning faoliyatini xalq manfaatlari, inson qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini samarali himoya qilishga yo‘naltirish.

18-maqsad: Sud va boshqa organlar hujjatlarining o‘z vaqtida va to‘liq ijrosini ta’minlash.

19-maqsad: Advokatura institutining inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishdagi salohiyatini tubdan oshirish, shuningdek, aholi va tadbirkorlik subyektlarining malakali huquqiy xizmatlarga bo‘lgan talabini to‘liq qondirish.

20-maqsad: Faol fuqarolik jamiyatini rivojlantirish hamda fuqarolar o‘rtasida qonunga hurmat va itoat qilish hissini shakllantirish.

Uchinchi yo‘nalish: milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash

21-maqsad: Iqtisodiyot tarmoqlarida barqaror yuqori o‘sish sur’atlarini ta’minlash orqali kelgusi besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni — 1,6 baravar va 2030 yilga borib aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan daromadni 4ming AQSh dollaridan oshirish hamda «daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar» qatoriga kirish uchun zamin yaratish. Davlat qarzini boshqarishda yiliga yangi jalb qilingan tashqi qarz miqdori 4,5 milliard AQSh dollaridan oshib ketmasligini ta’minlash.

22-maqsad: Milliy iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash va yalpi ichki mahsulotda sanoat ulushini oshirishga qaratilgan sanoat siyosatini davom ettirib, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini 1,4 baravarga oshirish.

23-maqsad: Geologiya-qidiruv ishlari hajmini keskin oshirish, sohaga xususiy investorlar va ilg‘or xorijiy kompaniyalarni keng jalb qilish.

24-maqsad: Iqtisodiyotni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash hamda «Yashil iqtisodiyot» texnologiyalarini barcha sohalarga faol joriy etish, iqtisodiyotning energiya samaradorligini 20 foizga oshirish.

25-maqsad: Raqamli iqtisodiyotni asosiy «drayver» sohaga aylantirib, uning hajmini kamida 2,5 baravar oshirishga qaratilgan ishlarni olib borish.

26-maqsad: Mamlakatda investitsiya muhitini yanada yaxshilash va uning jozibadorligini oshirish, kelgusi besh yilda 120 milliard AQSh dollari, jumladan 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalarni jalb etish choralarini ko‘rish.

27-maqsad: Iqtisodiyotda moliyaviy resurslarni ko‘paytirish maqsadida, kelgusi 5 yilda fond bozori aylanmasini 200 million AQSh dollaridan 7 milliard AQSh dollariga yetkazish.

28-maqsad: Respublikaning eksport salohiyatini oshirish orqali 2026 yilda respublika eksport hajmlarini 30 milliard AQSh dollariga yetkazish.

29-maqsad: Tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish va doimiy daromad manbalarini shakllantirish uchun sharoitlar yaratish, xususiy sektorning Yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 80 foizga va eksportdagi ulushini 60 foizga yetkazish.

30-maqsad: Qishloq xo‘jaligini ilmiy asosda intensiv rivojlantirish orqali dehqon va fermerlar daromadini kamida 2 baravar oshirish, qishloq xo‘jaligining yillik o‘sishini kamida 5 foizga yetkazish.

31-maqsad: Suv resurslarini boshqarish tizimini tubdan isloh qilish va suvni iqtisod qilish bo‘yicha alohida davlat dasturini amalga oshirish.

32-maqsad: Chorvachilik ozuqa bazasini kengaytirish va ishlab chiqarish hajmini 1,5−2 baravar ko‘paytirish.

33-maqsad: Hududlarni mutanosib rivojlantirish orqali hududiy iqtisodiyotni 1,4−1,6 baravarga oshirish.

34-maqsad: Hududlarning muhandislik-kommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma tizimini hamda xizmat ko‘rsatish va servis sohalarini rivojlantirish.

35-maqsad: «O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qiling» dasturi doirasida mahalliy sayyohlar sonini 12 million nafardan oshirish hamda respublikaga tashrif buyuradigan xorijiy turistlar sonini 9 million nafarga yetkazish.

36-maqsad: Barcha transport turlarini uzviy bog‘lagan holda yagona transport tizimini rivojlantirish, yirik shaharlar o‘rtasida kunlik transport qatnovlari asosida manzilga yetib borish va qaytib kelish imkoniyatini yaratish.

To‘rtinchi yo‘nalish: adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish

37-maqsad: Har bir fuqaroga davlat hisobidan aniq kasb-hunarga o‘qish imkoniyatini yaratish. Kasbga o‘qitish ko‘lamini 2 baravar oshirib, jami 1 million nafar ishsiz fuqaroni kasb-hunarlarga o‘qitish va bu jarayonda nodavlat ta’lim muassasalarining ishtirokini 30 foizga yetkazish.

38-maqsad: Maktabgacha ta’limdagi qamrov darajasini hozirgi 67 foizdan kamida 80 foizga yetkazish.

39-maqsad: Maktabgacha ta’lim tizimida ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish.

40-maqsad: Maktabgacha ta’lim tizimida budjet mablag‘larining maqsadli va samarali sarflanishini ta’minlash.

41-maqsad: Maktablarni rivojlantirish milliy dasturini joriy etish orqali xalq ta’limi tizimida qo‘shimcha 1,2 million o‘quvchi o‘rni yaratish.

42-maqsad: 2026 yilga qadar o‘quv dasturlari va darsliklarni ilg‘or xorijiy tajriba asosida to‘la qayta ko‘rib chiqib, amalda joriy etish.

43-maqsad: Malakali o‘qituvchilarning oylik maoshlarini bosqichma-bosqich 1 000 AQSh dollari ekvivalentiga yetkazish.

44-maqsad: Maktablarda ta’lim sifatini oshirish, pedagog- kadrlarning bilimi va malakasini xalqaro darajaga olib chiqish.

45-maqsad: Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini bosqichma-bosqich bepul ovqat bilan ta’minlash.

46-maqsad: Oliy ta’lim bilan qamrov darajasini 50 foizga yetkazish va ta’lim sifatini oshirish.

47-maqsad: 2026 yilga qadar 10 ta salohiyatli oliy ta’lim muassasasini QS va THE xalqaro reytinglariga kirishga maqsadli tayyorlash.

48-maqsad: Qariyb 100 ming o‘rinli talabalar turar joylarini barpo etish.

49-maqsad: 2026 yilgacha nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari sonini kamida 50 taga yetkazish.

50-maqsad: «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali erkin va ijodiy fikrlaydigan yoshlarni nufuzli xorijiy oliygohlarga o‘qishga yuborish ko‘lamini 2 baravarga oshirish, bunda yoshlarning 50 foizini texnik, aniq fanlar va IT sohalariga o‘qitish.

51-maqsad: Iqtisodiyotga innovatsiyalarni keng joriy qilish, sanoat korxonalari va ilm-fan muassasalarining kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish.

52-maqsad: Global innovatsion indeksda O‘zbekiston Respublikasining o‘rnini yaxshilash va 2030 yilga qadar top-50 mamlakatlari qatoriga kirish.

53-maqsad: Aholi uchun majburiy ijtimoiy kafolatlarni ta’minlash, ehtiyojmand qatlamlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish.

54-maqsad: Pensiya ta’minoti tizimini takomillashtirish.

55-maqsad: Ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarni aholiga yanada yaqinlashtirish va qulayligini oshirish maqsadida respublika hududlarida tibbiyot klasterlarini tashkil etish.

56-maqsad: Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, budjet mablag‘laridan samarali foydalanish, tibbiy xizmatlarni markazlashtirish va aholini tibbiy sug‘urtalash amaliyotini joriy qilish.

57-maqsad: Tibbiy asbob-uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish.

58-maqsad: Dori-darmon va tibbiy buyumlar muomalasini tartibga solish hamda aholiga arzon va sifatli mahsulotlar yetkazib berish tizimini takomillashtirish.

59-maqsad: Birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatida aholiga malakali xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash, sohaga ajratiladigan mablag‘larni oshirish.

60-maqsad: Reproduktiv yoshdagi va homilador ayollar, bolalar uchun yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish.

61-maqsad: Tibbiy xizmatlardagi xususiy sektorning ulushini 25 foizga yetkazish.

62-maqsad: Mamlakatda ishlab chiqariladigan dori-darmon va tibbiyot vositalarining ulushini 80 foizga yetkazish.

63-maqsad: Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xalqaro maqomga ega laboratoriyalarini tashkil etish.

64-maqsad: Hududlarda birlamchi tibbiy xizmatni «bir qadam» tamoyili asosida tashkil etish.

65-maqsad: Malakali shifokorlarning oylik maoshlarini bosqichma-bosqich 1 000 AQSh dollari ekvivalentiga yetkazish.

66-maqsad: Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish, ularning hayot sifati va darajasini oshirish.

67-maqsad: Jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shug‘ullanadigan fuqarolarning sonini oshirish.

68-maqsad: Olimpiya va Paralimpiya harakatini rivojlantirish.

69-maqsad: Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini ta’minlash.

70-maqsad: Yoshlarga oid davlat siyosatini takomillashtirish.

Beshinchi yo‘nalish: ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish

71-maqsad: Ezgulik va insonparvarlik tamoyiliga asoslangan «Harakatlar strategiyasidan — taraqqiyot strategiyasi sari» g‘oyasini keng targ‘ib etish orqali jamiyatda sog‘lom dunyoqarash va bunyodkorlikni umummilliy harakatga aylantirish.

72-maqsad: Aholiga axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatishni yanada rivojlantirish, kitobxonlikni keng ommalashtirish hamda «Kitobsevar millat» umummilliy g‘oyasini ro‘yobga chiqarish.

73-maqsad: Buyuk ajdodlarning boy ilmiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish.

74-maqsad: Jamiyatda millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash.

75-maqsad: Tasviriy va amaliy san’at hamda dizayn yo‘nalishlarini rivojlantirish, aholining badiiy-estetik didini yuksaltirish.

76-maqsad: Madaniyat va san’at sohalarini yanada rivojlantirish, madaniyat muassasalari va obyektlarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash.

77-maqsad: O‘zbekiston tarixini o‘rganish va targ‘ib qilishni yanada rivojlantirish.

78-maqsad: Milliy kino san’atini rivojlantirish.

Oltinchi yo‘nalish: milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish

79-maqsad: Aholi salomatligi va genofondiga ziyon yetkazadigan mavjud ekologik muammolarni bartaraf etish.

80-maqsad: Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish, shahar va tumanlarda ekologik ahvolni yaxshilash, «Yashil makon» umummilliy loyihasini amalga oshirish.

81-maqsad: O‘rmonlar maydonini kengaytirish

82-maqsad: Ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashishning samarali mexanizmlarini shakllantirish.

83-maqsad: Davlat xizmatida halollik standartlarini joriy etish.

85-maqsad: Mamlakatda yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va shu orqali 2026 yil yakuniga qadar kambag‘allikni kamida 2 baravarga qisqartirish.

86-maqsad: Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasini ta’minlash hamda samarali migratsiya siyosatini yuritish.

87-maqsad: «Vatandoshlar» jamoat fondi orqali xorijiy davlatlardagi yurtdoshlarimiz bilan doimiy va samarali aloqalar o‘rnatish.

88-maqsad: Pandemiyalarga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini oshirish.

Yettinchi yo‘nalish: O‘zbekiston xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish

89-maqsad: Fuqarolarning axborot olish va tarqatish erkinligi borasidagi huquqlarini yanada mustahkamlash.

90-maqsad: Davlatning mudofaa qobiliyatini yanada mustahkamlash, Qurolli Kuchlarning jangovar shayligini, uning imkoniyatlari va qobiliyatini kuchaytirish.

91-maqsad: Harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolarining ijtimoiy himoyasini har tomonlama kuchaytirish.

92-maqsad: Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etishning samarali tizimini yaratish.

93-maqsad: Mamlakatning xalqaro munosabatlardagi teng huquqli subyekt sifatidagi rolini oshirish.

94-maqsad. Markaziy Osiyoda xavfsizlik, savdo-iqtisodiy, suv, energetika, transport va madaniy-gumanitar sohalardagi yaqin hamkorlikni sifat jihatidan yuqori bosqichga olib chiqish.

95-maqsad: An’anaviy hamkorlar bilan munosabatlarni yanada rivojlantirish, tashqi aloqalar geografiyasini kengaytirishga ustuvor ahamiyat qaratib, iqtisodiy diplomatiyani kuchaytirish.

96-maqsad: O‘zbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkiloti organlari va institutlari, global va mintaqaviy iqtisodiy, moliyaviy va gumanitar tashkilotlardagi faoliyatini kuchaytirish.

97-maqsad: Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish va Yevroosiyo Iqtisodiy Ittifoqi bilan integratsiya jarayonlarini chuqurlashtirish.

98-maqsad: Jahon hamjamiyatida mamlakat imidjini oshirishga qaratilgan axborotlar yetkazish samaradorligini oshirish.

99-maqsad: Tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyatning normativ-huquqiy bazasini hamda xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asoslarini takomillashtirish.

100-maqsad: O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan O‘zbekistonning chet ellardagi fuqarolariga xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish.