Prezident «Ozodlikdan mahrum etish jazosini o‘tayotgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan bir guruh shaxslarni afv etish to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Bu haqdagi reportaj O‘zbekiston 24 telekanalida efirga uzatildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, hozirgi vaqtda qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan, jazo muddatini o‘tayotgan 63 nafar fuqaro afv etildi.

Afv etilganlarning 44 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi, qolaversa, 19 mahkumga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosi muddatlari qisqartiriladi.

Reportajda aytilishicha, afv etilganlarning 2 nafarini 60 yoshdan oshgan shaxslar tashkil etdi.

Eslatib o‘tamiz, bunga qadar Konstitutsiya kuni arafasida 182 nafar mahkum afv etilgandi.