19 yanvar kuni Qozog‘istonning Nur-Sulton shahri Yesil tumani migratsiya politsiyasi idorasida hujjatsiz ushlangan O‘zbekiston fuqarolari to‘g‘risida ma’lumot kelib tushdi.

O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining xabariga ko‘ra, agentlik vakillari politsiyasi idorasiga borib, 18 nafar O‘zbekiston fuqarolar bilan uchrashgan.

«Fuqarolarning pasporti borligi ammo, vaqtinchalik ro‘yxatga turish muddati tugaganligi va ishlash uchun ruxsatnomasi yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Ularga Qozog‘iston qonunlarini buzmaslik, o‘rnatilgan tartibda hujjatlarni rasmiylashtirish borasida huquqiy tushuncha berildi», — deyiladi xabarda.

Ular Qozog‘istonga tanishlari orqali kelib, qurilish ishlarida faoliyat yuritayotgani aniqlangan. O‘zbekiston fuqarolariga Migratsiya agentligi tomonidan amalga oshirilayotgan pilot loyiha mazmun-mohiyati tushuntirildi.

Uchrashuvda Yesil tumani migratsiya politsiyasi tomonidan birinchi marta Qozog‘istonga kelgan fuqarolarga ogohlantirish, ikki yoki ko‘p marta kelganlarga jarima yozildi.