Qoraqalpog‘iston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo‘mitasining tavsiyasiga asosan Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashining 2022 yil 13 yanvardagi «Respublikada qirg‘ovullarni muhofaza qilish va sonini ko‘paytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Hujjatga asosan, hududda 2022−2023 yillarda qirg‘ovullarni ovlash taqiqlandi, deb xabar berdi O‘zA.

Ushbu qarorga asosan Ekoqo‘mitaga IIV bilan birgalikda qirg‘ovullarning noqonuniy ovlanishining oldini olish bo‘yicha ishlarni faollashtirish, qirg‘ovullarning noqonuniy ovlanishiga yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan amaldagi qoidalarga muvofiq va belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘rish topshirildi.

Qoraqalpog‘iston Ekoqo‘mitasi Bioxilma-xillik va muhofaza etiladigan tabiiy hududlar masalalari bo‘limi bosh mutaxassisi Alisher Yakubovning ta’kidlashicha, qirg‘ovullarni ovlash taqiqlanmagan, masalan, o‘tgan yilda ajratilgan kvota doirasida Qoraqalpog‘iston ovchilariga 1800 bosh qirg‘ovulni ovlashga ruxsatnoma berilgan. Biroq, qirg‘ovullarning bosh sonini ko‘paytirish zarurligi mutaxassislar tomonidan e’tirof etilgani bois ikki yillik taqiq o‘rnatilmoqda.

«Gazeta.uz»ga O‘zbekiston qushlarni muhofaza qilish jamiyati Qoraqalpog‘iston bo‘limi boshlig‘i, biologiya fanlari doktori Yakub Ametovning ma’lum qilishicha, Qoraqalpog‘iston hududida xiva qirg‘ovuli (Phasianus colchicus chrysomelas) kichik turi yashaydi.

«So‘nggi paytlarda ushbu tur kamayib ketmoqda. Bunga sabab esa ularning ko‘p miqdorda ovlanayotgani va suv rejimining o‘zgarishidir. Aslida qirg‘ovullar inson ta’siri kam bo‘lgan changalzorlar, tuqaylar va qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari atrofida yashaydi. Lekin, hozirgi paytdagi suv rejimining o‘zgarishi sababli qishloq joylarda ham uchraydi», — dedi biolog.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «ovchilarning bu qushni ko‘p ov qilishining asosiy sababi go‘shtining shirinligida».

Taqiq joriy etilguniga qadar bu qush turini ruxsat bilan ovlash mumkin bo‘lgan. Ammo, qonunga hilof ravishda ovlash qirg‘ovulning har bir boshi uchun O‘zbekiston fuqarolarini BHMning 2 baravari (amalda 540 ming so‘m), chet el fuqarolarini esa 150 AQSh dollari miqdorida jarimaga tortishga sabab bo‘ladi.

Biologning ta’kidlashicha, har bitta tur biosferaning ozuqlik zanjirida o‘z o‘rniga ega. «Qirg‘ovullar ham shu zanjirning ishtirokchisi va muvozanatni saqlab turishda ishtirok etadi. Qirg‘ovullar qishloq xo‘jaligi zararkunandalarini qirib foyda keltiradi, yirtqichlar uchun esa ozuqa sifatida xizmat qiladi», — dedi Yakub Ametov.