Hukumatning 17 yanvardagi [26-son] qarori bilan Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan «Mehr daftari» tizimini joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.

Nizomga muvofiq, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar tuman (shahar) hokimi qarori asosida «Mehr daftari»ga kiritiladi va undan chiqariladi.

«Mehr daftari»ga kiritishning axborot tizimidan foydalanish tartibi Milliy gvardiya tomonidan belgilanadi. 2022 yil 1 fevralgacha mazkur axborot tizimi ishga tushiriladi.

Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar 25 yoshga to‘lganda tegishli qaror asosida «Mehr daftari»dan chiqariladi. Bunda daftardan chiqarilayotgan shaxslarning bandligi ta’minlangan va uy-joyi mavjud bo‘lishi shart. Bandligi ta’minlanmagan holatlarda, «Mehr daftari» hisobida turish muddati bandligi ta’minlangungacha, biroq 5 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga uzaytiriladi.

O‘quv-tarbiya muassasalari hamda tuman (shahar) hokimliklarining Bolalarni himoya qilish shu’balari «Mehr daftari»ni shakllantirishga mas’ul hisoblanadi.

XTV o‘z tizimidagi Mehribonlik uylari, Bolalar shaharchalari, Respublika bolalar o‘quv-tarbiya muassasalari va Oilaviy bolalar uylari, SSV o‘z tizimidagi Bolalar uylari, «SOS — O‘zbekiston bolalar mahallalari» o‘zining tarbiyalanuvchilari va bitiruvchilari, tuman (shahar) hokimliklarining Bolalarni himoya qilish shu’balari tomonidan vasiylikka (homiylikka, patronatga) olingan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni «Mehr daftari»ga kiritadi.

«Mehr daftari»ga kiritilgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash ishlari Vazirlar Mahkamasining Bolalarni himoya qilish masalalari shu’basi va Milliy gvardiya, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining Bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyatlari hamda tuman (shahar) hokimligining Bolalarni himoya qilish shu’basi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Bundan avval, Hukumat qarori bilan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga 18 yoshga to‘lganida ko‘p kvartirali uy-joylardan umumiy maydoni 25 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 1 xonali, nikoh tuzilgan hollarda esa, 50 kvadrat metrdan kam bo‘lmagan 2 xonali kvartiralar ajratilishi belgilanib, ularga uy-joyga ko‘chib kirish uchun asos bo‘ladigan order berilishi ham belgilangandi.