Yo‘l patrul xizmati hamda post-patrul xizmatining statsionar postlarida «Yashil» va «Qizil» yo‘lak tizimini bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilmoqda. Bu jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Hukumat qarori loyihasida aks ettirilgan.

Unga ko‘ra, 2022 yil 1 martdan boshlab Toshkent viloyati Oxangaron tumanida joylashgan «Chinor» va Namangan viloyati Pop tumanida joylashgan «Namangan» yo‘l-patrul xizmati statsionar postlarida «Yashil» va «Qizil» yo‘lak tizimi joriy etiladi. Bu tartib bosqichma-bosqich respublikaning qolgan yo‘l-patrul xizmati statsionar postlarida ham qo‘llaniladi.

Ma’lum qilinishicha, bu belgilar xalqaro va davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan avtomobil yo‘llarining serqatnov joylarida tashkil etiladi.

Transport vositalarining harakati avtomatlashtirilgan tizim orqali qayd qilinib, haydovchilarga yorug‘lik diodli ekran orqali ishora berish yo‘li bilan tashkil etilgan yo‘laklar yordamida tartibga solinadi.

Nizomga ko‘ra:

  • yashil yo‘lak — ushbu yo‘lak orqali tegishli hujjatlari to‘liq, qidiruvda bo‘lmagan, qarzdorligi mavjud toifaga kirmaydigan hamda texnik soz holda bo‘lgan transport vositalarining harakatlanishiga ruxsat beriladi.
  • qizil yo‘lak — qoidabuzarlik, qarzdorlik yoki boshqa to‘lovlarni to‘lash uchun ajratilgan yo‘lak.

Ya’ni, qizil yo‘lakdan harakatlanishi buyurilgan transport vositalari bo‘yicha tegishli tekshiruv ishlari o‘tkaziladi, aniqlangan kamchiliklarni (qarzdorlik bo‘yicha postlarda tashkil etilgan bank terminallari orqali to‘lovni amalga oshirish, transport vositalarini vaqtincha ushlash maydonchalariga joylashtirish) bartaraf etgan holda harakatini davom ettirishga ruxsat berish choralari ko‘riladi.

Loyihada belgilanishicha, postlarda xizmat o‘tayotgan xodimlar:

  • hududiy ichki ishlar organlari navbatchilik qismi va markaziy axborot dispetcherlik xizmati bilan doimiy aloqada bo‘ladi;
  • postlarda mavjud monitor yordamida, transport vositalarini qizil va yashil yo‘laklarda to‘g‘ri harakat qilib kelayotganligini nazorat qiladi;
  • yo‘l belgisi yoki monitorda namoyon bo‘lgan ma’lumotlarga amal qilmagan transport vositasini o‘rnatilgan tartibda tegishli ishora berish yo‘li bilan to‘xtatadi;
  • texnik jihozlarda nosozliklar aniqlangan taqdirda ularni bartaraf etish choralarini ko‘radi;
  • postlardan qizil yo‘lak bo‘ylab o‘tgan transport vositalari bo‘yicha kunlik hisobotni yuritadi.

Ma’lum bo‘lishicha, yashil yo‘lakda harakatlanib kelayotgan transport vositasini qonunchilik hujjatlariga muvofiq hollarda to‘xtatilishi va tekshirilishi mumkinligi aytilmoqda.

Bunda haydovchilar postga kelganda monitordagi ishoralarga so‘zsiz rioya etishi kerar bo‘ladi. Nizom talablarini buzgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.

«Yashil» va «Qizil» yo‘lak tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladigan statsionar postlar ro‘yxati:

Birinchi bosqichda:

  • Toshkent viloyati — «Chinor» YPX statsionar posti
  • Namangan viloyati — «Namangan» YPX statsionar posti

Ikkinchi bosqichda:

  • Andijon viloyati — 45-YPX statsionar posti;
  • Toshkent shahri — «A. Turbonov», «Erkin», «Bektemir», «Sharq», «Uch qahramon», «Keles» YPX statsionar postlari;
  • Toshkent viloyati — «Oybek» YPX statsionar posti;
  • Sirdaryo viloyati — «Sirdaryo» YPX statsionar posti;
  • Jizzah viloyati — «Manas-14»,"Yakkabog‘-15″ YPX statsionar postlari;
  • Samarqand viloyati — «Yuqori nuqta», «Omonqo‘ton» YPX statsionar postlari;
  • Qashqadaryo viloyati — «Mingchinor», «Umakay», «Shirinbuloq» YPX statsionar postlari;
  • Surhondaryo viloyati — «Darband», «Manguzar» YPX statsionar postlari.

Uchinchi bosqichda:

  • Buxoro viloyati — «Sarmijon» YPX statsionar posti;
  • Navoiy viloyati — «Karakata», «Zarafshon», «Samarqand» YPX statsionar postlari;
  • Xorazm viloyati — «Momoko‘pir» YPX statsionar posti;
  • Qoraqalpog‘iston respublikasi — «Broyler», «Miskin», «Dovut ota» YPX statsionar postlari.

Shuningdek, inson omilini cheklagan holda transport vositalari to‘siqsiz harakatlanishi ta’minlanadi hamda transportlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni masofadan uzatish va harakatlanishini nazorat qilish imkoniyatini yaratuvchi «RFID» (Radio chastotani identifikatsiyalash texnologiyasi) tizimi joriy etiladi.

Bu bilan Toshkent shahri va Toshkent viloyatiga kirish-chiqish joylaridagi yo‘l-patrul xizmati maskanlari, blokpost va to‘siq postlarida «RFID» tizimi eksperiment tariqasida qo‘llanadi. Unga IIV mas’ul organ sifatida belgilanmoqda.

Shuningdek, 2023 yilning ikkinchi choragiga — aprel oyiga qadar «RFID» tizimini joriy etish doirasida Toshkent shahar va Toshkent viloyati hududida ro‘yxatga olingan transport vositalari ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, qayta ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish hamda ularni texnik ko‘rikdan o‘tkazishda «maxsus belgi bilan jihozlangan stiker"lar bilan bepul ta’minlanishi mumkin.

Buning uchun Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2022 yil mart oyiga qadar «Yashil» va «Qizil» yo‘laklar hamda «RFID» tizimlarini joriy etish bo‘yicha texnik hujjatlar ishlab chiqiladi.

Ushbu maqsadlarni nazarda tutuvchi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi 1 fevralga qadar jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.