Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev 18 yanvar kuni mamlakatda yanvar oyi boshida ro‘y bergan fojiali voqealardan so‘ng birinchi bayonot bilan chiqdi. Bayonot uning saytida joylashtirilgan.

«Yanvar voqealari butun Qozog‘istonni larzaga soldi. Qozog‘istonga uyushtirilgan bu tartibsizliklar va hujumlardan maqsad mamlakat yaxlitligi va davlat asoslarini buzish edi», — dedi u.

Birinchi prezident bo‘lib o‘tgan fojianing barcha uchun saboq bo‘lishi, bunda barcha pogromlar va qotilliklarni kim uyushtirganini aniqlash muhim ekanligini ta’kidladi.

«Menga kelib tushgan ko‘plab murojaatlar hamda ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan e’lonlar munosabati bilan shuni ma’lum qilamanki, men 2019 yilda prezident vakolatlarini Qasim-Jomart Toqayevga o‘tkazdim va o‘shandan beri men pensionerman, hozir esa Qozog‘iston poytaxtida munosib dam olishdaman va hech qayerga ketmadim», — dedi u.

«Prezident Qasim-Jomart Tokayev to‘liq hokimiyatga ega. U Xavfsizlik Kengashining raisi. Tez orada prezident „Nur Otan“ partiyasi raisi etib saylanadi. Shuning uchun elitada hech qanday ziddiyat yoki qarama-qarshilik yo‘q. Bu mavzudagi mish-mishlar mutlaqo asossiz», deya ishontirmoqda birinchi prezident.

Nursulton Nazarboyev Qasim-Jomart Tokayev tomonidan ilgari surilgan yangi islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

«Sizga, aziz vatandoshlar, sog‘lik va farovonlik tilayman! Davlat rahbari lavozimida ishlaganimda olib borilgan islohotlar va modernizatsiya ishlarini qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun sizga minnatdorchilik bildiraman», — deya yakunladi u.