Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekiston global COVAX mexanizmi doirasida koronavirusga qarshi 11 mln dozadan ortiq vaksinani beg‘araz tarzda qabul qilib olishi kerak. Bu haqda Toshkent aeroportida Pfizer vaksinasining navbatdagi partiyasini topshirish marosimida BMT Bolalar jamg‘armasining (YUNISEF) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade ma’lum qildi.

«Biz mazkur mexanizm doirasida O‘zbekistonga yetkazib berilgan vaksinalar 10 mln dozadan ortiqni tashkil etganining guvohiga aylanib turganimizdan mamnunmiz», — dedi u. O‘zbekiston AstraZeneca, Moderna, Pfizer/BioNTech va Sinovac vaksinalarini COVAX platformasi orqali qabul qildi.

«YUNISEF O‘zbekiston hukumatiga COVID-19`ga qarshi vaksinalarni yetkazib berishda ko‘maklashishda davom etadi», — dedi jamg‘arma vakili.

«YUNISEF ta’minot va logistika jarayonini boshqaradigan COVAX mexanizmi orqali dunyoning 144 mamlakat va hududiga 1 mlrd dozadan ortiq koronavirusga qarshi vaksina yetkazib berildi», — deya qo‘shimcha qildi Munir Mamedzade.

Uning ta’kidlashicha: «Vaksinalar samara beradi, ular kasallikning og‘ir o‘tishi va kasalxonaga yetishni oldini oladi va odamlar hayotini saqlab qoladi. Ayniqsa, o‘z vaqtida emlanish va mamlakatda omikron shtammining tez tarqalishini hisobga olgan holda profilaktika chorasi sifatida sanitariya qoidalariga rioya qilish juda muhimdir».

«Gazeta.uz»ga YUNISEF vakolatxonasi matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, birinchi chorakda COVAX bo‘yicha — Pfizer/BioNTech va Moderna vaksinalari yetkazib beriladi.