Qashqadaryo viloyati Kasbi tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari 500 ming so‘m miqdorida pora olganligi uchun 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Oliy sud matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, E. Bozorov 2017 yil sentabr oyidan Kasbi tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘ining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari hamda tumandagi 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarni nogiron deb topish komissiyasi raisi lavozimida ishlab kelgan.

U mansabdor shaxs bo‘lgani holda o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, tamagirlik yo‘li bilan Kasbi tumani Nazartepa qishlog‘ida yashovchi M. Yarmatovaning 2019 yilda tug‘ilgan o‘g‘li S. M. ni nogironlik nafaqasiga chiqarib berishni va’da qilgan. Buning evaziga esa fuqarodan 600 000 so‘m miqdorida pul mablag‘ini talab qilganligi aytilmoqda.

2021 yil 5 avgust kuni M. Yarmatovaning arizasi yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tezkor tadbir o‘tkaziladi. «Tadbir chog‘ida E. Bozorov o‘zining xizmat xonasida M. Yarmatovadan kelishilgan pul mablag‘ining 500 000 so‘mini olayotgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan», — deyiladi xabarda.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Kitob tuman sudining 2021 yil 20 dekabrdagi hukmiga asosan E. Bozorov Jinoyat kodeksi 210-moddasi (pora olish) 2-qismining «v» bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli, deb topilgan.

Unga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda ushbu Kodeksning 45-moddasiga muvofiq 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilish tariqasidagi qo‘shimcha jazo tayinlangan.