«Gazeta.uz» hokimlarning xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi raisi maqomini bekor qilishga oid hujjat 2,5 yil oldin tayyorlangani, biroq qabul qilinmagani haqida surishtiruv o‘tkazgandi.

Oliy Majlis Senati ushbu maqola yuzasida rasmiy bayonot bilan chiqdi. «Gazeta.uz» uning matnini to‘liqligicha havola etadi:

«Gazeta.uz» sayti ko‘targan masala haqiqatan ham bugungi kundagi dolzarb hamda o‘z yechimini kutayotgan masalalardan biri hisoblanadi.

Ma’lumki, so‘nggi yillarda mahalliy davlat hokimiyati organlari, xususan Kengashlar bilan bog‘liq keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib, Kengashlarga hamda deputatlarga qo‘shimcha vakolatlar berilmoqda.

Hokimning mahalliy Kengash raisi sifatidagi maqomini bekor qilish, eng avvalo, Kengashlar faoliyati mustaqilligining yanada oshishiga xizmat qiladi.

Shu nuqtai nazardan Davlatimiz rahbarining «Yangi O‘zbekiston strategiyasi» nomli kitobida ham hokimlarning tegishli vakillik hokimiyatini boshqarish vakolati bekor qilinishi haqida fikr yuritilgan. Shu munosabat bilan «Xalq deputatlari Kengashlari to‘g‘risida» va «Hokimning maqomi to‘g‘risida»gi qonunlarni qabul qilish zarurligi ham alohida ta’kidlangan.

Bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olinib, hozirgi vaqtda tegishli ishlar olib borilmoqda.

Shu o‘rinda qayd etish joizki, Konstitutsiyaning 78-moddasiga muvofiq, konstitutsiyaviy qonunlarni, qonunlarni qabul qilish, ularga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda Senatining birgalikdagi vakolatlariga kiradi.

Parlament palatalarining birgalikdagi vakolatlariga kiradigan masalalar avval Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida, so‘ngra esa Senatda ko‘rib chiqiladi. Tabiiyki, Qonunchilik palatasiga kelib tushmagan, muhokama qilinmagan va qabul qilinmagan qonunlar Senatda ham ko‘rib chiqilmaydi, muhokama qilinmaydi.

Ijtimoiy tarmoqlarda u yoki bu masalada munosabat bildirilganda, avvalo, amaldagi qonunchilik normalarini e’tiborga olgan holda ish tutish tavsiya qilinadi. Aks holda, bunday holatlar jamoatchilikning salbiy fikrlarini keltirib chiqarishi mumkin.

Hokimning xalq deputatlari Kengashi raisi sifatidagi maqomini bekor qilishga oid qonun Senatga kelib tushgan taqdirda, albatta, bu haqda e’lon qilinadi hamda qonun keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilinadi.

Shu bilan birga, ta’kidlash lozimki, Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari mustaqil organ. Senat faqatgina ularning faoliyatini takomillashtirishga ko‘maklashadi, uslubiy yordam ko‘rsatadi.

Shu maqsadda Senat tomonidan mahalliy Kengashlar faoliyatini samarali tashkil etish, ularni metodik qo‘llab-quvvatlash, deputatlarning amaliy ko‘nikmalarini oshirib borish maqsadida qator ishlar amalga oshirilmoqda.

Mahalliy Kengashlar vakolatlari, nazorat funksiyalari yildan-yilga kengayib bormoqda. Xususan, mahalliy ijro hokimiyati ustidan samarali deputatlik nazorati o‘rnatish maqsadida joylardagi rahbarlarning mahalliy Kengashlar oldida hisobdorligi belgilab qo‘yildi.

2021 yilning yanvaridan xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar hamda barcha tuman (shahar) Kengashlarida doimiy asosda faoliyat yurituvchi kotibiyatlar tashkil etildi. Bu o‘z o‘rnida mahalliy Kengashlar faoliyatini samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

Shuningdek, mahalliy Kengashlar deputatlari uchun aholi bilan samarali muloqot olib borish ko‘nikmalarini shakllantirish, mahalliy budjetni shakllantirish va uning nazoratini olib borish, shuningdek, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid dasturlar bo‘yicha samarali deputatlik nazoratini olib borish, ijro organlari vakillarining hisobotlarini eshitishni tashkil etish, qaror qabul qilishda qonuniylikni ta’minlash maqsadida o‘quvlar, seminarlar tashkil etildi.

Birgina 2021 yilda mahalliy Kengashlar deputatlari faoliyatini to‘g‘ri va samarali yo‘lga qo‘yish, kotibiyatlar faoliyatini samarali tashkil etish, deputat so‘rovi bo‘yicha uslubiy qo‘llanmalar tayyorlanib, har bir mahalliy Kengash deputatiga yetkazib berildi.

Senat raisining hududlarga tashriflari davomida mahalliy Kengash deputatlari bilan uchrashuv tashkil etilib, Kengashlar faoliyati samaradorligini oshirishga oid masalalar muhokama qilib borildi.

Aynan shu kabi uchrashuvlarda ko‘tarilgan masalalardan kelib chiqqan holda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng qo‘lamli islohotlar va qonunchilikdagi o‘zgarishlardan kelib chiqqan holda Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamenti hamda Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining doimiy komissiyalari to‘g‘risidagi namunaviy nizom qayta ishlab chiqilib, tasdiqlandi.

Shuningdek, mahalliy Kengashlarga doimiy tarzda amaliy-uslubiy jihatdan ko‘maklashish, ular bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish maqsadida har oyda Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar joyiga chiqib, mahalliy Kengashlar faoliyatiga amaliy yordam ko‘rsatib kelmoqda.

O‘z o‘rnida, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga befarq bo‘lmasdan, faollik ko‘rsatayotgan jamoatchilik vakillariga minnatdorlik bildiramiz.