DXX va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yangiyo‘l tumani bo‘limi xodimlari tomonidan xorijiy OTMga o‘qishga kiritib qo‘ymoqchi bo‘lgan fuqaroni qo‘lga olindi. Bu haqda DXXning Xavfsizlik Telegram-kanalida xabar qilindi.

Fuqaro A. X. A. I. bilan o‘zaro til biriktirib, Sh. R. ning ishonchiga kirib, uni dastlab Qirg‘izistonning O‘sh davlat universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishini aytgan.

U yerda birinchi kursni tamomlagach yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali 2-kursni Toshkent davlat farmatsevtika institutiga ko‘chirib berishni va’da qilib, ishni 10 ming dollarga kelishgan.

A. X. A. I. oldindan 4,5 ming dollarini firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov ishlari davom etmoqda.