Farg‘ona viloyatida yetti nafar shaxs qisqa vaqt davomida «Turonbank» ATBdan qariyb 700 mln so‘mni yashirin ravishda talon-toroj qilgan. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Xabarga ko‘ra, Yozyovon tumanida yashab kelgan yosh yigit R. U. 2020 yil 19 dekabr kuni soat 21:30 da tanishi R.O. bilan o‘zaro suhbat chog‘ida «Turonbank»ning My Turon mobil ilovasi orqali Humo plastik kartasidan 9950 so‘mni Uzsard kartasiga o‘tkazganida, o‘tkazma amalga oshib, pullar qabul qilingani, biroq o‘tkazilgan pullar Humo plastik kartasi hisob-raqamidan kamaymaganini aytgan.

Shundan so‘ng, R. U. ushbu holatni tekshirish maqsadida yashash xonadonida «Turonbank» ATB Farg‘ona filialidan olingan Uzsard hamda Humo plastik kartasini o‘zining telefoniga «sms» xabarnoma xizmatini yoqib, My Turon mobil ilovasiga ushbu har ikkala plastik kartasini biriktirgan.

R. U. va R. O. yuqoridagi usuldan foydalanib, 121 mln so‘mdan ko‘proq, oradan bir necha kun o‘tgach R. U. o‘rtog‘i J. A. bilan 220 mln so‘mni, so‘ng R. U. o‘rtog‘i I. Q. bilan 29 mln so‘mni, so‘ng R. O. tanishi S. S. bilan 10 mln so‘mni, so‘ng I. Q. o‘rtog‘i M. Q. bilan 310 mln so‘mni hamda R. O. bilan 8 mln so‘m pul mablag‘larini o‘zlashtirishgan. Umumiy hisobda ushbu yetti nafar shaxs qisqa vaqt davomida 698 million 689 ming so‘m bankning pullarini yashirin ravishda talon-toroj qilgan.

Tezkorlik bilan olib borilgan harakatlar natijasida bankning pullarini to‘liq qaytarilishiga erishilgan, sudlanuvchilar holat aniqlanishi bilan barcha pullarni o‘z ixtiyorlari bilan topshirgan.

Ushbu holat jinoyat ishlari bo‘yicha Toshloq tumani sudida ko‘rib chiqilgan.

"Sudning hukmi bilan sudlanuvchilarning 5 nafari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 3 va 4-qismlari bilan 3 yil 6 oydan — 5 yil 6 oygacha muddatga ozodlikdan mahrum qilindi", — dedi Farg‘ona viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi Abrorxon Akramov. Shuningdek, ikki kishiga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.