Toshkent kimyo-texnologiya institutida o‘quv yilini 3 semestrli qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda OTMning o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Toyir Safarov matbuot anjumanida ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, yangilik navbatdagi o‘quv yilidan tatbiq etilishi mumkin.

«Bu iqtidorli talabalarning o‘qishni muddatidan oldin bitirishiga imkoniyat yaratadi. Bakalavr ta’limi 4 yil bo‘lsa, iqtidorli talabalarimiz 3,5 yilda bu bosqichni yakunlaydi» — dedi u.

Shuningdek, OTM rektori Botir Usmonovning keltirishicha, institutga moliyaviy mustaqillik berilgach, bu yilgi talabalarning kontrakt summalarida o‘zgarish bo‘lmaydi. O‘zgarishlar bo‘yicha qaror — 2022−2023-o‘quv yili uchun qabul qilinadi.

«Bu yil ikkinchi semestr uchun narxlar o‘zgarmaydi. Faqat yangi o‘quv yilidan qabul qilingan talabalarda o‘zgargan summalar belgilanadi. Yuqori bosqich talabalariga bu ta’sir qilmaydi. Hozirda qancha to‘lov qilinsa, shu ko‘rinishda qoladi», — dedi u.

Bundan tashqari, institutning keyingi yildan «super-kontrakt», ya’ni qo‘shimcha kvota asosida o‘qishga qabul qilishdan voz kechmoqchiligi qilayotgani aytildi.

«Hozir yangi brendni shakllantirmoqchiligimizni hisobga olsak, biz faqat iqtidorli va ishlab chiqaruvchi korxonalarga ma’qul nomzodlarni qabul qilamiz», — dedi OTM rektori.