Ijtimoiy tarmoqlarda Navoiy viloyatida yuzlariga niqob taqib olgan, qora kiyimdagi shaxslar rezina tayoqlar bilan baliqchilarni kaltaklagani haqidagi xabarlar tarqaldi.

Navoiy viloyati IIBning ma’lum qilishicha, ushbu holat 7 yanvar kuni soat 08:00 larda viloyatning Qiziltepa tumani To‘dako‘l suv havzasida faoliyat olib boruvchi «Golden layk fish» MCHJda sodir bo‘lgan.

Jamiyatda o‘zaro shartnomada ko‘rsatilgan tartibda, ya’ni qora rangli liboslar kiyib yuzlariga niqob taqqan holda qo‘llariga rezina tayoqlar bilan xizmat olib borayotgan nazoratchi inspektorlar hamda To‘dako‘l suv havzasida baliq ovlash bilan shug‘ullanib keluvchi ovchilar o‘rtasida o‘zaro kelishmovchilik yuzaga kelgan.

Ta’kidlanishicha, «nazoratchi inspektorlar ovchilarni ichkariga kirishlari uchun pasport nusxasi talab qilganligi va qora rangli liboslar kiyib yuzlariga niqob taqqan holda qo‘llariga rezina tayoqlar bilan xizmat olib borganligi aniqlangan». Baliqchilar esa norozilik bildirib, ushbu yollanma ishchilarning xizmat faoliyatiga to‘sqinlik qilgani va jamoat tartibini buzganligi aytilmoqda.

«Qora rangli liboslar kiyib yuzlariga niqob taqqan holda qo‘llariga rezina tayoqlar bilan xizmat olib borayotgan nazoratchi inspektorlar shartnoma asosidagi yollanma fuqarolar, Ichki ishlar xodimi emas. Ularning egnidagi libosi, vazirlik shevroni hamda rezina tayoqlarni qayerdan olganligi yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda», — deyiladi munosabatda.

Holat yuzasidan Navoiy viloyati IIB tomonidan Jinoyat Kodeksinig 277-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Viloyat IIB shuningdek, O‘zbekiston MJtKning 209−1-moddasiga ko‘ra, Vazirliklar, idoralar va tashkilotlar xodimlarining formali kiyim-boshini qonunga xilof ravishda kiyib yurganlik uchun qonunda javobgarlik belgilanganini eslatib o‘tgan.