7 yanvar kuni soat 15:00 lar atrofida Toshkent shahrining Yunusobod tumanida davlat raqami belgilari bo‘lmagan qora Malibu haydovchisi prezidentning DXX akademiyasiga tashrifi munosabati bilan o‘rnatilgan cheklovlarga bo‘ysunmadi. Holat tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Video qayd etish moslamasiga tushib qolgan tasvirlarda YPX xodimlarining to‘xtash ishorasiga qaramasdan chorrahadan harakatlanishda davom etgani tasvirlangan. Uning ortidan maxsus xizmatlarga qarashli UAZ Patriot quvib ketgan. Oradan ko‘p o‘tmasdan ortiga qaytgan Malibu mashinasini organlar xodimlari o‘rab olishgan. Shundan so‘ng, UAZ Patriot kelib, uning yo‘lini to‘sgan. To‘pponchadan o‘q uzilishlar ovozi eshitilgan.

Xodimlar o‘rab olishiga qaramasdan haydovchi harakatda davom etib, chorrahadan o‘tib ketadi. Avtomobilga qarata yana o‘q uzishgani eshitilgan. UAZ Patriot yana uning ortidan ketadi. Jami 10 marta atrofida o‘q tovushlari eshitilgan.

Mazkur holatga IIV matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov izoh berib, Malibu boqsharuvida 1976 yilda tug‘ilgan, kuchli darajadagi mast holatidagi fuqaro A.A. bo‘lganini ma’lum qildi.

«Xodimlar haydovchining noqonuniy harakatlari oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan og‘ir oqibatlarni oldini olish maqsadida, belgilangan tartibda o‘q-otar qurolini ishlatgan. Natijada avtotransport vositasi majburiy to‘xtatilib, haydovchi zararsizlantirilgan. Qurol qo‘llanilishi natijasida hech kim jarohatlanmagan», — deyiladi izohda.

E’lon qilingan suratlarda kamida bitta o‘q izini — haydovchi eshigida ko‘rish mumkin.

Hozirda, mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi (Hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ma’lumotlarga qaraganda haydovchi oldin ham sudlangan bo‘lgan.