Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev 2021 yilda ishga tushgan xalqaro imtihon tizimlari kompensatsiyasi bo‘yicha hisobot berdi.

2021 yil 1-maydan boshlab 5 ta turdagi xalqaro imtihon tizimlarida yuqori natija qayd etgan 31 yoshgacha bo‘lgan yoshlarning imtihon xarajatlarini Yoshlar ishlari agentligi tomonidan to‘liq kompensatsiya qilib berish boshlandi.

5-yanvar holatiga ko‘ra, bu imkoniyatdan foydalanish uchun 3518 nafar yoshlardan ariza kelib tushgan. Shundan 2848 nafariga imtihon xarjatlari kompensatsiya qilib berilgan, 2 ta ariza ko‘rib chiqish jarayonida, 199 ta yangi ariza mavjud.

469 ta ariza esa rad etilgan. Bunga ushbu arizachilar mazkur tizim yo‘lga qo‘yilishidan avval sertifikatni qo‘lga kiritganligi yoki yuqori natija (maksimal ballning 75 foizdan yuqorisini) qayd etmay, murojaat qilgani sabab bo‘lgan.

Yoshlar ishlari agentiliging “Gazeta.uz"ga ma’lum qilishicha, 4-yanvar holatiga ko‘ra, yoshlar quyidagi xalqaro tizimlar orqali imtihon xarajatlarini qaytarib olgan:

  • IELTS — 2 598 nafar (91,7%);
  • SAT — 204 nafar (7,2%);
  • GMAT — 15 nafar (0,5%);
  • TOEFL — 12 nafar (0,4%);
  • GRE — 4 nafar (0,1%).

Shuningdek, tizim ishga tushgandan beri eng ko‘p arizalar sentabr oyida qabul qilingan (549 ta).

Hududlar kesimida olinganda, eng ko‘p Toshkent shahridagi yoshlarga imtihon xarajatlari qoplab berilgan (1380 ta). Bu borada eng past ko‘rsatkich esa Sirdaryo (23 ta), Jizzax (45 nafar) va Surxondaryoda (46 ta) qayd etilgan.

4-yanvar holatiga ko‘ra, umumiy kompensatsiyalar miqdori 5 mlrd 218 mln so‘mdan oshgan.

Foto: Yoshlar ishlari agentligi (4-yanvar holatiga ko‘ra).

Ma’lumot uchun, xalqaro imtihonlarda faqatgina quyidagi natijalarni ko‘rsatgan yoshlarga imtihon xarajatlari qoplab beriladi:

  • IELTS — 7 va undan yuqori;
  • TOEFL — 95 va undan yuqori;
  • GMAT — imtihon natijalari (Verbal/Quantative) bo‘yicha 75 percentile va undan yuqori;
  • GRE — imtihon natijalari (Verbal/Quantative) bo‘yicha 75 percentile va undan yuqori;
  • SAT — 1200 va undan yuqori;