Mamlakatda yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish va shu orqali 2026 yil yakuniga qadar kambag‘allikni kamida 2 baravarga qisqartirish rejalashtirilmoqda (hozir taxminan 15 foiz). Bu 5 yilga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasi loyihasida qayd etilgan.

Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish rejalashtirilgan.

Norasmiy ishchilar

Bunda norasmiy ishlayotgan 2,5 mln nafar fuqaroning bandligini legallashtirishga yordam berish orqali ularda ijtimoiy kafolat va imtiyozlardan to‘liq foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Jumladan, 2022 yil martga qadar norasmiy ishlayotgan 450 ming nafar fuqaroni bandligini legallashtirishga yordam berish ko‘zda tutilgan.

Shunga ko‘ra, norasmiy sektorda bandlikni kamaytirish bo‘yicha tegishli strategiya loyihasini ishlab chiqiladi.

Bunda quyidagilar inobatga olinadi:

  • yashirin iqtisodiyotni qisqartirishda jamoatchilik rolini oshirish;
  • norasmiy sektorda band bo‘lgan aholi o‘rtasida ijtimoiy himoyani ta’minlash yuzasidan targ‘ibot ishlarini olib borish;
  • fuqaro, xodim va ish beruvchilarning mehnat sohasidagi murojaatlarini “bir darcha” tamoyili asosida tezkor ko‘rib chiqish mexanizmlarini joriy qilish;
  • mehnat sohasidagi murojaat va nizolarni o‘rganish hamda ularni hal qilishga ko‘maklashish maqsadida “Mehnat-M” markazi faoliyatini eksperiment tariqasida Toshkent shahrida tashkil etish.

Noyabrga qadar esa Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlari huzurida ishchi guruhlar tashkil etgan holda, korxona va tashkilotlarda 450 ming nafar xodimlar bilan mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish, ularga ish haqi hisoblash, ish haqidan soliqlar va ijtimoiy to‘lovlar to‘lanishiga amaliy yordam ko‘rsatish maqsad qilingan.

Ayollar bandligi

2026 yilgacha ayollar orasidagi ishsizlik darajasini 2 marta kamaytirish, 700 mingdan ziyod ishsiz xotin-qizlarni davlat hisobidan kasb-hunarga o‘qitish ko‘zda tutilgan.

Ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlarni tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Jumladan loyihada, 2022 yilda ayollar orasidagi ishsizlik darajasini 2 barobar kamaytirish uchun 80 mingdan ziyod ishsiz xotin-qizlarni davlat hisobidan kasb-hunarga o‘qitish belgilanmoqda.

Xotin-qizlarni kasbga o‘qitish va bandligini ta’minlash dasturida quyidagilar aks etadi:

  • har yili tasdiqlanadigan kasb-hunarga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakani oshirishga oid davlat buyurtmasida kasb-hunarga o‘qitiladigan xotin-qizlar ulushini yildan-yilga oshirib borish;
  • xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish hamda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishi uchun ko‘maklashish maqsadlarida subsidiyalar ajratish;
  • o‘zini o‘zi band qilish istagida bo‘lgan xotin-qizlarga mehnat qurollari bilan ta’minlash uchun subsidiyalar ajratish.

Ishsiz xotin-qizlarni bo‘sh hamda yangi yaratilayotgan ish o‘rinlarida bandligini ta’minlashga ko‘maklashiladi.

Bunda, 2022 yilda nodavlat notijorat tashkilotlari bilan xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish orqali ularning bandligiga ko‘maklashish loyihalar ko‘lami kengaytiriladi.

2022 yil martgacha ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlarni tadbirkorlik va o‘zini o‘zi band qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiriladi.

Hududlarda quyidagilarni nazarda tutuvchi ayollar tadbirkorligini rivojlantirish dasturi ishlab chiqiladi:

  • har bir hududda “Xotin-qizlar hunarmandchilik markazlari” va кластерларни tashkil qilish;
  • xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari faoliyatini takomillashtirish, mintaqaviy markazlar ochish choralarini ko‘rish;
  • tadbirkor xotin-qizlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni realizatsiya qilishga ko‘maklashish;
  • xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish va biznesga jalb qilish.

Imkoniyati cheklanganlar bandligi

Takliflarga ko‘ra, 5 yil mobaynida imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini 3 baravar oshirish ko‘zda tutilayapti.

2022 yil iyulga qadar imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan 12 ming nafar shaxslarning bandligi ta’minlanadi.

Imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash bo‘yicha Milliy dastur ishlab chiqiladi.

Dasturda quyidagilar aks etadi:

  • Tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan har bir nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishlashi mumkin bo‘lgan kasblari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron tarzda “Bandlik xizmati” axborot tizimiga integratsiya qilish;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tashkilotning xodimga ish haqi hisoblanganligi va daromad solig‘i to‘langanligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda Yagona milliy mehnat tizimidagi mehnat shartnomasini ro‘yxatdan o‘tkazish;
  • 12 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish uchun kasbiy ta’lim muassasalariga imtiyozlar berish;
  • nogironligi bo‘lgan shaxslarni tadbirkorlikka jalb etish va o‘zini o‘zi band qilishi uchun imtiyozli kreditlar, subsidiyalar ajratish.

Bundan tashqari, taklif etilayotgan prezident farmoni loyihasida davlat ijtimoiy yordami va xizmatlarini ko‘rsatishda mahalliy darajada (“mahallabay” tamoyili asosida) ijtimoiy ishlarni olib borish mexanizmini yo‘lga qo‘yish ham maqsad qilingan.

Hududlar, shaharlar va tumanlar kesimida kambag‘al toifadagi oilalar, ayollar va yoshlarni yagona elektron hisobga olish tizimini yaratish, kambag‘allikning qayta tiklanish xavfini bartaraf etish belgilangan. Hunarmandchilik faoliyatini rivojlantirish ko‘zda tutilayapti.

Ijtimoiy nafaqa tayinlash mezonlariga javob beradigan barcha ehtiyojmand aholining kamida 85 foizi ijtimoiy yordam dasturlari bilan qamrab olinadi.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar va aholi qatlamlariga, shuningdek, vaqtinchalik og‘ir sharoitga tushib qolgan fuqarolarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat ijtimoiy yordami ko‘rsatiladi.

Xalqaro standartlarga asosan aholiga ijtimoiy yordam va ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish tamoyillari va me’yorlarini o‘zida mujassam etuvchi Ijtimoiy kodeksni qabul qilish rejalashtirilgan.

Pensiyani hisob-kitob qilish uchun o‘rtacha ish haqining maksimal miqdorini pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 10 baravaridan 12 baravarigacha oshirish taklif etilmoqda.

Mazkur hujjat loyihasiga oid taklif va mulohazalar 14 yanvarga qadar qabul qilinadi.