Jahon banki 2021 yil yakuniga bag‘ishlab o‘z tadqiqotlari natijalari asosida tayyorlangan diagramma va grafiklar seriyasini e’lon qildi.

Bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilda COVID-19 eng qashshoq hamda zaif qatlamlarga nomutanosib ta’sir ko‘rsatdi. Xususan, iqtisodiyotning tiklanishi notekis kechmoqda, vaksinalardan foydalanish imkoniyati, daromadlar yo‘qotilishi hamda ta’limdagi tafovutlar tobora kengaymoqda.

«Pandemiya tufayli 2020 yilda o‘ta qashshoqlik darajasi 20 yil ichida birinchi marta o‘sdi va 100 millionga yaqin odam kuniga 1,90 dollardan kam daromad hisobiga kun kechirmoqda», — deya qayd etmoqda bank.

Jahon banki taqdim etilgan diagramma va grafiklar seriyasi orqali pandemiyaning og‘ir asoratlari hamda global iqtisodiy vaziyatga sharh berdi.

Vaksinalardan foydalanishdagi imkoniyatlar tengsizligi

Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda past daromadli mamlakatlarda birinchi doza bilan emlanganlar aholining bor-yo‘g‘i 7 foizdan sal ko‘proq qismini tashkil etsa, yuqori daromadli mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 75 foizdan ziyodni tashkil etmoqda.

Qayd etilishicha, global iqtisodiy tiklanishni mustahkamlash uchun COVID-19 vaksinalaridan «adolatli va keng foydalanish imkoniyati»ni ta’minlash zarur.

Davlatlarning vaksinalarni joylashtirishga tayyorlik darajasi

Ma’lum qilinishicha, vaksinalar pandemiyani yengib o‘tishda hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan bir paytda, ko‘plab mamlakatlar vaksinalarni muvaffaqiyatli yetkazib berish va tarqatish uchun zarur infratuzilmaga muhtoj. Hozirda sog‘liqni saqlash tizimlari epidemiyaga javob berish va eng zaruriy sog‘liqni saqlash xizmatlarini qo‘llab-quvvatlash bilan bog‘liq ikki tomonlama muammoga duch kelayotganligi aytilmoqda.

Qayd etilishicha, bank 140 dan ortiq mamlakatlarning COVID-19 vaksinalarini xavfsiz joylashtirishga tayyorlik darajasini baholagan.

Bank hisob-kitoblariga ko‘ra, har 10 ta davlatdan 9 tasi emlash uchun maqsadli aholi guruhini aniqlab ulgurgan. Biroq ularning yarmi endigina aholida vaksinaga nisbatan ishonch hosil qilish uchun jamoatchilikni jalb qilish strategiyalarini ishlab chiqqan, 43 foizida esa strategiya ishlab chiqish jarayonlari hali ham davom etmoqda. Shuningdek, o‘rganishlar natijalari 70 foizga yaqin mamlakatlarda emlanadigan aholi guruhlarini tayyorlash jarayonlari o‘z nihoyasiga yetganligini ko‘rsatgan. 5 foiz mamlakatlar esa vaksinalarni xavfsiz joylashtirishga tayyor emas, deb baholangan.

Notekis global tiklanish

Vaksinalardan foydalanish imkoniyati tengsizligi fonida, past va o‘rta daromadli mamlakatlar bilan yuqori daromadli mamlakatlar o‘rtasida iqtisodiy tiklanish borasida yuzaga kelgan tafovut tobora kengayib bormoqda.

Jahon bankining iyunda e’lon qilingan Global iqtisodiy istiqbollar nashrida jahon iqtisodiyoti 2021 yilda 5,6 foizga o‘sishi kutilayotgani qayd etilgan edi — bu so‘nggi 80 yil ichida turg‘unlikdan chiqish davri uchun kuzatilgan eng tez sur’atdagi tiklanish.

Past va yuqori daromadli davlatlar, BRICS hamda global YAIM o‘sishi dinamikasi va prognozlari. Manba: Jahon banki

Biroq tiklanish notekis tarzda kechadi. Past daromadli mamlakatlar iqtisodiyoti, vaksinatsiya sur’atlarining sekinligi hisobiga, 2021 yilda bor yo‘g‘i 2,9 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda — bu so‘nggi 20 yil ichida kuzatilgan eng sekin o‘sish ekanligi aytilmoqda (2020 yilni hisobga olmaganda). Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy hamda Janubiy Afrika (BRICS) davlatlari iqtisodiyoti esa dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori — 7,5 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Daromadlar yo‘qotilishidagi farqlar

Ta’kidlanishicha, pandemiya davrida barcha daromad guruhlarida yo‘qotishlar kuzatilgan, biroq eng keskin daromadlar qisqarishini eng kambag‘al 20 foizlik aholi guruhi boshdan kechirgan. 2021 yilda eng boy aholi guruhi esa yo‘qotishlar to‘lqinini to‘xtata boshlaganda ham ushbu aholi guruhi daromadlari pasayishda davom etgan. Bunga sabab, eng kambag‘al 40 foizlik aholi guruhida daromadlar darajasi hali tiklanmagan. Daromadlarning bu tariqa qisqarishi natijasida o‘ta qashshoqlikda kun kechiradigan aholi soni 100 millionga yetganligi qayd etilmoqda.

COVID-19 oqibatida daromadlar yo‘qotilishi: pandemiya yuz bermagan holda daromadlarning kutilgan o‘sishi (ko‘k rangda) va pandemiya boshlanganidan beri kuzatilayotgan daromadlar o‘zgarishi (sariq rangda) dinamikasi. Manba: Jahon banki

Inqiroz ta’sirining nomutanosibligida gender omili ham rol o‘ynaganligi aytilgan.

«Erkaklar va ayollar inqirozni sezilarli darajada boshqacha tarzda boshdan kechirishganligi ajablanarli emas. Bank va boshqa hamkorlar ma’lumotlarini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, ayollar ish, daromad va xavfsizlik nuqtai nazaridan erkaklarga qaraganda ko‘proq yo‘qotishlarni boshdan kechirishgan», — deyiladi bank sharhida.

Savdo — global tiklanishning asosiy vositasi sifatida

Tashqi savdo iqtisodiy tiklanish hamda o‘ta qashshoqlikni qisqartirishda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Karantin cheklovlari yumshatilib, chegaralar ochilganida mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro savdo aloqalarining tiklanishi global tiklanishning tezlashishiga xizmat qildi.

Jahon bankiga ko‘ra, tashqi savdo eksportga barqaror tashqi talabni rag‘batlantirish, oraliq mahsulot va xizmatlar importini ta’minlash orqali iqtisodiyotni pandemiyadan tezroq tiklashga yordam beradi. Ayniqsa, fiskal rag‘batlantirish vositasida iqtisodiy tiklanishni qo‘llab-quvvatlash imkoniyati cheklangan eng kam rivojlangan davlatlarda tashqi savdo iqtisodiy o‘sishning asosiy manbai vazifasini o‘taydi.

Pandemiya sharoitida qarz darajalarining oshishi

Jahon bankining ta’kidlashicha, COVID-19 rivojlanayotgan davlatlar qarz yukini so‘nggi 50 yillik davrdagi rekord darajaga olib chiqdi. Ayniqsa, past daromadli mamlakatlarda vaziyat keskin, sababi ularning yarmida pandemiyagacha bo‘lgan davrdayoq qarz bilan bog‘liq muammolar mavjud edi yoki qarz muammosi xavfi yuqori bo‘lgan.

Bank hisob-kitoblariga ko‘ra, so‘nggi o‘n yillikda butun dunyo bo‘ylab qarz darajasi tez va keng ko‘lamda o‘sib kelayotgan edi. 2020 yilda rivojlanayotgan davlatlarda davlat qarzining YAIMga nisbati 2010 yildagi 37,4 foizdan 63,1 foizgacha, xususiy qarzning YAIMga nisbati esa 80,8 foizdan 142,1 foizgacha o‘sgan.

Rivojlanayotgan davlatlarda so‘nggi 50 yillik davrda davlat qarzi va xususiy qarzning o‘zgarishi dinamikasi. Manba: Jahon banki

Qayd etilishicha, pandemiya ortga chekingan taqdirda ham, qarzga xizmat ko‘rsatish xarajatlari oshib boradi va natijada qarz yuki uzoq vaqt mobaynida sezilib turadi. Bu, o‘z navbatida, tiklanishni sekinlashtirishi va boshqa rivojlanish maqsadlaridagi sa’y-harakatlarga to‘sqinlik qilishi mumkinligi aytilmoqda.

Qarz hisobotlari yuritilishining murakkabligi

Bugungi kunda davlatlar qarzlari to‘g‘risida yuritiladigan statistika ushbu mamlakatlarning qarzni hisobga olish borasidagi standartlari va ta’riflari turlicha ekanligi sabab aslidagidan farq qilishi aytilmoqda.

Jahon bankining rivojlanayotgan mamlakatlarda qarz shaffofligiga bag‘ishlangan hisobotida keltirilishicha, past daromadli mamlakatlardagi qarz zaxiralarining umumiy ko‘rsatkichlari mahalliy va xalqaro ma’lumotlar bazalariga oid ta’riflar va standartlar turlichaligi tufayli mamlakat yalpi ichki mahsulotining 30 foizigacha farq qilishi mumkin.

Jahon banki guruhi prezidenti Devid Malpassning so‘zlariga ko‘ra, qarz ko‘rsatkichlarining oshkoraligi yangi yuqori sifatli investitsiyalarni oson jalb qilish, korrupsiyani kamaytirish va hisobdorlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

Ta’lim inqirozi

Ma’lum qilinishicha, COVID-19 ta’limdagi tengsizliklarni ham yanada kuchaytirdi. Jahon banki hisob-kitoblarining ko‘rsatishicha, maktablarning uzoq vaqtga yopilishi hamda ta’lim sifatining yomonlashuvi — o‘zlashtirish darajasining pasayganligi sabab past va o‘rta daromadli mamlakatlarda oddiy matnni o‘qiy olmaydigan 10 yoshli bolalar ulushi 70 foizgacha yetishi mumkin. Pandemiyagacha bo‘lgan davrda bu ko‘rsatkich 56 foizni tashkil qilar edi.

«Bu kelajakdagi daromadlar, qashshoqlikni kamaytirish va tengsizlik darajasini qisqartirshga doimiy ta’sir ko‘rsatadi. So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, talabalarning bu avlodi endi umr bo‘yi topadigan daromadidan 17 trillion dollar yo‘qotish xavfi mavjud», — deya qayd etmoqda bank.

Energiya narxlari oshishi

Jahon banki prognoziga ko‘ra, energiya narxlari 2021 yilda o‘tgan yilga nisbatan o‘rtacha 80 foizdan yuqori bo‘lishi kutilmoqda.

Energiya — oziq-ovqat ishlab chiqarish va isitish uchun muhim tovar bo‘lganligi sababli, enegiya narxlarining oshishi oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishning qisqarishi va isitishdagi uzilishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Qayd etilishicha, yuqori energiya narxlarining ta’siri allaqachon sezilgan — uning o‘g‘it narxlariga ta’siri o‘z navbatida oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish xarajatlarini oshirdi.


Pandemiya sharoitida energiya, oziq-ovqat va o‘g‘it narxlari o‘zgarishi dinamikasi. Manba: Jahon banki

2021 yilning ikkinchi yarmida oziq-ovqat tovarlari narxlari barqarorlasha boshlagan bo‘lsa-da, hali ham pandemiyadan oldingi darajadan yuqori ekanligi aytilmoqda.

Iqlim inqirozi va ichki iqlim migratsiyasi

Jahon banki iqlim o‘zgarishi nazorat qilinmasa, 2030 yilga borib o‘ta qashshoqlikda kun kechiruvchi aholi soni 132 million kishiga yetishi mumkinligini prognoz qilmoqda. Shuningdek, ularning aksariyati nochorlik, tartibsizlik va zo‘ravonlik hukm surayotgan sharoitda yashashiga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Groundswell hisobotiga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi natijasida 2050 yilga kelib dunyo bo‘yicha 216 million aholi o‘z mamlakatlari ichida yashab turgan joyidan boshqa hududlarga ko‘chib o‘tishiga to‘g‘ri kelishi mumkin. Shundan:

  • Afrika — 86 million migrant;
  • Sharqiy Osiyo va Tinch okeani — 49 million migrant;
  • Janubiy Osiyo — 40 million migrant;
  • Shimoliy Afrika — 19 million migrant;
  • Lotin Amerikasi — 17 million migrant;
  • Yevropa va Markaziy Osiyo — 5 million migrant.

«Agar issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha birgalikda global sa’y-harakatlar amalga oshirilsa, shu bilan birga yashil, inklyuziv va barqaror rivojlanish qo‘llab-quvvatlansa, bu raqamlarni sezilarli darajada kamaytirish va ichki iqlim migratsiyasini yaxshiroq boshqarish imkoniyati hali ham mavjud», — deya qayd etmoqda bank.

Jahon banki xulosasiga ko‘ra, 2021 yilda pandemiya taraqqiyotning barcha mumkin bo‘lgan sohalariga ta’sir ko‘rsatdi, qashshoqlikka barham berish va umumiy farovonlikni oshirishga jiddiy to‘sqinlik qilmoqda. Shunga qaramay yil yakuniga kelib ayrim ijobiy o‘zgarishlar qayd etildi, jumladan, jahon iqtisodiyoti o‘sdi, tovarlar savdosi tiklandi, oziq-ovqat tovarlari narxlari barqarorlasha boshladi, pul o‘tkazmalari jadal tiklandi. Biroq, koronavirusning yangi variantlari va vaksinalardan foydalanish imkoniyatining tengsizligi hali hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar mavjudligini anglatadi.