Toshkent shahrining Yunusobod tumanida joylashgan Ahmad Donish ko‘chasidagi yo‘lning cho‘kish holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, deya xabar bermoqda DXX matbuot xizmati.

Shu yilning mart oyida Ahmad Donish ko‘chasidagi avtomobil yo‘lining 500 metr qismida 40−50 smgacha cho‘kish holati yuzaga kelganligi tufayli ushbu hududda transport vositalarining harakati vaqtincha cheklangan edi.

DXX va prokuratura organlari ushbu holat yuzasidan o‘rganish ishlarini olib bordi. Unda aniqlanishicha, mutasaddi tashkilotlar «Yunusobod-Turkiston» yer osti metro konstruksiyasining atrofini va yon qismlarini tuproq bilan qayta to‘ldirish va zichlash ishlari sifatli bajarmagan.

Shuningdek, cho‘kish holatiga texnik nazorat talab darajasida olib borilmaganligi hamda avtomobil yo‘lini rekonstruksiya qilishda loyihalashtirish ishlari noto‘g‘ri olib borilganligi sabab qilib ko‘rsatilgan. Natijada davlatga 4,5 mlrd so‘m miqdorida zarar yetkazilgan.

Holat bo‘yicha Respublika Transport prokuraturasi tomonidan Toshkent metropoliteni liniyalarini qurish direksiyasi va Toshkent shahar hokimligi Yagona buyurtmachi xizmati injiniring kompaniyasi mansabdor shaxslari jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 207-moddasi 1-qismi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ular BHMning 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi mumkin.

Hozirda tergov davom etmoqda, qolaversa, Ahmad Donish ko‘chasida yuzaga kelgan holatni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddi idoralar tomonidan tegishli chora-tadbirlar ko‘rilayapti.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning avgustida poytaxtdagi Ahmad Donish ko‘chasining ushbu qismi 6 qatorli qilib qaytadan qurilgandi. Avgust oxirlarida prezident Shavkat Mirziyoyev ham ushbu ko‘chada amalga oshirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishgandi.