«Gazeta.uz» 2022 yil 1 yanvardan kuchga kiradigan qonunchilikdagi o‘zgarishlar ro‘yxatini taqdim etadi. Dayjest Adliya vazirligi ma’lumotlari asosida tayyorlandi. Quyida ularni to‘liqligicha e’tiboringizga havola etamiz.

1. Endi pensiya va nafaqalarni to‘lash tijorat banklari tomonidan amalga oshiriladi

Prezidentning 4 maydagi [PQ-5102] qarori bilan pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa to‘lovlar (pensiya va nafaqalar)ni to‘lash har uch yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri bo‘yicha alohida o‘tkaziladigan tender asosida tanlangan tijorat banki va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

Bunda pensiya va nafaqalarni naqd pulda MFYlarga, fuqarolarning yashash manzillariga yetkazib berish majburiyati yuklatiladi.

Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladigan pensiyalar, ijtimoiy nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa to‘lovlarni to‘lash tijorat banki va boshqa ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

Pensiya va nafaqalarni mahalla fuqarolar yig‘ini binosi yoki fuqaroning yashash manziliga yetkazib berish shartlaridan kelib chiqib, xizmat haqi differensiyalashgan tartibda pensiya va nafaqalar to‘lanadigan (yetkazib berilgan) summaning 1 foizigacha miqdorda bo‘lishi mumkin. Pensiya va nafaqalarni yetkazib berish bilan bog‘liq xarajatlar Pensiya jamg‘armasi va respublika budjeti tomonidan to‘lab beriladi.

2. Xorijiy tillardan milliy va xalqaro sertifikatga ega xodimlar maoshiga qo‘shimcha ustama to‘lanadi

Prezidentning 19 maydagi [PQ-5117] qarori asosida 1 yanvardan xorijiy tillardan milliy va xalqaro sertifikatga ega davlat boshqaruv idoralarining barcha bo‘g‘inlari xodimlariga lavozim maoshiga nisbatan 20 foizgacha qo‘shimcha ustama to‘lanadi.

3. Pilla hosilining har kilosi uchun jismoniy shaxslarga 5 ming so‘mdan subsidiya beriladi

Prezidentning 8 iyuldagi [PQ-5178] qaroriga ko‘ra, 1 yanvardan 2025 yil 1 yanvargacha:

  • har yili yetishtiriladigan pilla (ho‘l pilla) hosilining bir kilogrammi uchun 5 ming so‘m miqdorida xonadonlarda pilla yetishtiruvchi jismoniy shaxslarga subsidiya ajratiladi;
  • tutzorlarni sug‘orish uchun foydalanilgan suv hajmiga suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorda qo‘llaniladi.

4. Tabiiy va ko‘piklanadigan vinoning 1 daliga aksiz solig‘i 1 so‘m etib belgilanadi

Prezidentning 28 iyuldagi [PQ-5200] qarori bilan mahalliy ishlab chiqarilgan uzum va meva-rezavorlardan tayyorlangan tabiiy ravishda achitilgan tabiiy vino (etil spirti qo‘shilmagan holda) va ko‘piklanadigan vinoning 1 daliga aksiz solig‘i 1 so‘m etib belgilandi.

5. «Mehr daftari»ga kiritilgan yetim bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalari mablag‘larini shakllantirish tartibi belgilandi

Prezidentning tomonidan 9 avgustdagi [PQ-5215] qaroriga muvofiq, «Mehr daftari»ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armalar mablag‘lari alkogol mahsulotlarining (pivo va tabiiy vino bundan mustasno) ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar sof tushumining ajratmalari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi.

Alkogol mahsulotlarining (pivo va tabiiy vino bundan mustasno) ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi korxonalar sof tushumidan ajratmalar miqdori 5 foizdan 3 foizga pasaytiriladi. Ular budjetga to‘lanadigan soliq va yig‘imlarga tenglashtiriladi, soliq organlari tomonidan undiriladi va import qilinadigan alkogol mahsulotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

6. QQSning salbiy summasini qaytarish uchun soliq organlariga murojaat qilish tartibi bekor qilinadi

Prezidentning 24 avgustdagi [PQ-5231] qarori asosan yil boshidan QQSning salbiy summasini qoplash (qaytarish) uchun soliq organlariga ariza bilan alohida murojaat qilish haqidagi majburiy talab bekor qilinadi.

Shuningdek, Soliq to‘lovchi tegishli soliq davri uchun soliq hisobotini topshirishda, soliq organlarini xabardor etgan holda QQS salbiy summasini qoplash (qaytarish) talabini bildirishga haqli.

7. Tadbirkorlik subyektlari faoliyati savolnoma bo‘yicha tekshiriladi

Prezidentning 15 sentabrdagi [PF-6314] farmoniga ko‘ra, nazorat qiluvchi organlar tadbirkorlar faoliyatini belgilangan tartibda tasdiqlangan savolnoma bo‘yicha tekshiradi.

SSP a’zosi bo‘lgan tadbirkorlar faoliyatini tekshirishda ushbu tadbirkorlar roziligi bilan SSP xodimlari ishtirok etadi. Tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobining hisobi elektron tarzda yuritiladi.

Tadbirkorlar faoliyatida tekshiruvlar qonunbuzilishlarga yo‘l qo‘yilishining oldini olish bo‘yicha profilaktika tadbirlari o‘tkazilgandan so‘ng amalga oshiriladi (soliq tekshiruvlari, jinoyat ishlari va tezkor-qidiruv faoliyati doirasidagi tekshiruvlar bundan mustasno).

8. YATTlarning ijtimoiy soliq stavkasi ikki baravarga kamaytiriladi

Prezidentning 15 sentabrdagi [PF-6314] farmoni bilan 2022 yil 1 yanvardan bir yil mobaynida respublika tumanlarida (Toshkent shahri bundan mustasno) faoliyat yurituvchi YATTga belgilangan ijtimoiy soliq stavkasi 2 baravarga pasaytirilgan holda BHMning 50 foizi miqdorida belgilanadi.

9. Pedagoglarga attestatsiyadan o‘tganlik to‘g‘risidagi sertifikat elektron shaklda beriladi

Hukumatning 17 sentabrdagi [572-son] qaroriga muvofiq, pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha vazirliklar va idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) hamda ta’lim muassasalari miqyosidagi attestatsiya komissiyalarini tuzish va yig‘ma jild orqali hujjat topshirish amaliyoti bekor qilinadi.

Pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish ularning pedagogik mahorati va psixologik tayyorgarligini baholash hamda Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan o‘quv fani bo‘yicha malaka sinovini o‘tkazish orqali amalga oshiriladi.

Pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish va ularga malaka toifasi (lavozim) berish bo‘yicha hujjatlarni qabul qilish DXM yoki YAIDXP yoxud Ta’lim inspeksiyasi rasmiy veb-saytidagi maxsus portal orqali amalga oshiriladi.

Pedagog kadrlarga qog‘oz shaklidagi attestatsiyadan o‘tganlik to‘g‘risidagi sertifikat berish amaliyoti bekor qilinib, elektron shakldagi sertifikat berish tartibi joriy etiladi.

Pedagog kadrlarga bungacha berilgan sertifikatlar o‘z kuchida qoladi va amal qilish muddati tugagunga qadar sertifikatda ko‘rsatilgan malaka toifasi (lavozimi) bo‘yicha bazaviy tarif stavkalari asosida haq to‘lanadi.

10. Qarzdorlikni to‘lamagan tadbirkorlarning mablag‘larini muzlatib qo‘yish ularni ogohlantirgan holda amalga oshiriladi

Prezidentning 19 sentabrdagi [PF-6313] farmoni asosida yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha qarzdorlik to‘lanmaganda, soliq yoki bojxona organlari bankka to‘lovchining hisobvaraqlaridagi qarzdorlik summasiga teng miqdordagi pul mablag‘larini muzlatib qo‘yish va ularni 30 kalendar kunidan so‘ng undirish to‘g‘risidagi farmoyishni bu haqda to‘lovchini xabardor qilgan holda yuboradi.

11. Yuridik shaxslarning ko‘chmas mulkini ijaraga berish soliq organlarida hisobga qo‘yiladi

Vazirlar Mahkamasining 22 sentabrdagi [595-son] qaroriga ko‘ra, yuridik shaxslar tomonidan ko‘chmas mulkni ijaraga berish (olish) yoki tekin foydalanish shartnomalari davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yiladi. Bunda hisobga qo‘yish masofadan turib faqat elektron shaklda amalga oshiriladi.

12. Chek bermasdan tovar sotgan va xizmatlarni ko‘rsatgan tadbirkorlar haqida xabar berganlar mukofotlanadi

Prezidentning 4 oktabrdagi [PQ-5252] qarori bilan sotib oluvchiga cheklarni yoki ularga tenglashtirilgan hujjatlarni bermasdan tovarlarni sotganlik va xizmatlar ko‘rsatganlik, qalbaki markirovka qo‘llanilganligi yoki markirovka mavjud emasligi to‘g‘risida soliq organlariga maxsus dastur orqali xabar bergan jismoniy shaxslarga undirilgan jarimaning 20 foizi miqdorida mukofot to‘lanadi.

Chakana savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarida xaridni amalga oshirib, xarid chekini mobil ilovada ro‘yxatdan o‘tkazgan jismoniy shaxslarga oy yakuni bilan xarid summasining 1 foizi qaytariladi.

Bundan avtomobil sotib olganlik uchun, temir yo‘l va avia chipta xaridi, kommunal va aloqa xizmati uchun to‘lov, shuningdek, to‘lov tizimi operatorlari orqali to‘lovni amalga oshirganda olingan xarid cheklari mustasno.

13. Metro poyezdlari harakatini ko‘rsatuvchi mobil ilova ishga tushiriladi

Prezidentning 16 oktabrdagi [PQ-5260] qaroriga asosan, quyidagi ma’lumot va xizmatlarni o‘z ichiga oluvchi mobil ilova ishga tushiriladi:

  • metropoliten yo‘nalishlari (ularning qurilishi bo‘yicha ma’lumotlar);
  • bekatlar (ular atrofida joylashgan obyektlar va jamoat transporti yo‘nalishlari);
  • poyezdlar harakati jadvali;
  • elektron to‘lov.

14. Uyali aloqa operatorlari uchun aksiz solig‘i pasaytiriladi

Prezidentning 10 fevraldagi [PQ-4986] qaroriga muvofiq, uyali aloqa operatorlari uchun uyali aloqa xizmatlariga solinadigan aksiz solig‘i stavkasi 10%gacha pasaytiriladi.

15. Kameral tekshiruvlarda aniqlangan huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar bekor qilinadi

Prezidentning 7 sentabrdagi [PF-6307] farmoniga ko‘ra, moliyaviy sanksiyalar quyidagi hollarda bekor qilinadi:

  • kameral soliq tekshiruvi natijalari bo‘yicha aniqlangan huquqbuzarliklar uchun;
  • tadbirkorlik subyektlari tomonidan soliq hisobotini belgilangan muddatlarda taqdim etmaganlik uchun.

16. «Yevro-4» ekologik toifa talablariga mos kelmaydigan transport vositalarini vaqtincha olib kirish yoki import qilish taqiqlanadi

Prezidentning 30 oktabrdagi [PF-5863] farmoni asosida zaharlilik darajasi «Yevro-4» ekologik toifa talablariga mos kelmaydigan gaz, benzin va dizel dvigatellari bilan jihozlangan «M» va «N» toifalaridagi g‘ildirakli transport vositalaridan foydalanish va ularni sotish maqsadida «vaqtincha olib kirish» va «erkin muomala (import) uchun chiqarish» bojxona rejimiga joylashtirish taqiqlanadi.

17. Respublika bo‘yicha qo‘shimcha 10 mingta o‘rta tibbiyot xodimlari uchun shtatlar ajratiladi

Prezidentning 5 maydagi [PF-6221] farmoniga muvofiq, oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda «tibbiyot brigadalari» faoliyatini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, aholiga yanada sifatli tibbiy xizmatlar ko‘rsatish qamrovini kengaytirish uchun qo‘shimcha 10 mingta o‘rta tibbiyot xodimlari shtatlari ajratiladi.

Markaziy tuman (shahar) shifoxonalarining Davlat budjetidan moliyalashtiriladigan amaldagi koykalar fondining 10%i to‘lov asosida tibbiy xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan budjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga ta’minlanadigan koykalar fondiga o‘tkaziladi.

18. Avtomototransport vositasi notarial tasdiqlashsiz ijaraga beriladi

Prezidentning 24 iyuldagi [PQ-5197] qarori bilan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan avtomototransport vositalarini elektron savdo platformasidagi elektron onlayn-auksion yo‘li bilan ijaraga berishda shartnomalarni notarial tasdiqlash talabi bekor qilinadi. Bunda elektron onlayn-auksion natijasiga ko‘ra rasmiylashtirilgan bayonnoma ijara shartnomasi kuchiga ega bo‘ladi.

19. Endi 15 turdagi ma’lumot va hujjat aholi hamda tadbirkorlardan talab qilinmaydi

Prezidentning 24 iyuldagi [PF-6269] farmoniga ko‘ra, davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari va davlat tashkilotlari tomonidan aholidan, shu jumladan tadbirkorlik subyektlaridan bir qator ma’lumotlar va hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi. Ular:

Faktlarni tasdiqlovchi ma’lumotlar:

  • tadbirkorlik subyekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma ma’lumotlarini;
  • litsenziya, ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar va xabarnomalar qabul qilinganligi to‘g‘risida tasdiqnoma mavjudligini;
  • davlat boji, yig‘imlar va boshqa to‘lovlar to‘langanligini;
  • qimmatli qog‘ozlarga egaligini, qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalar amalga oshirilganligini, dividendlar olinganligini;
  • kam ta’minlangan oila yoki oila a’zosi sifatida ro‘yxatga olinganligini;
  • jismoniy shaxslar tomonidan alimentlar to‘langanligini va olinganligini;
  • oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplom ma’lumotlarini;
  • jismoniy shaxs tomonidan o‘rta maxsus, professional (kasb-hunar) ta’lim muassasasi tugatilganligini;
  • jismoniy shaxs tomonidan umumiy o‘rta ta’lim muassasasi (11-sinf negizida) tugatilganligini;
  • fuqaro «Yoshlar daftari» yoki «Ayollar daftari»da mavjudligini;
  • o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar to‘g‘risida ma’lumotlarni;
  • OTMga o‘qishga kirish uchun imtiyozga ega bo‘lgan abituriyentlarning imtiyoz huquqini tasdiqlovchi hujjat to‘g‘risida ma’lumotlarni;

Hujjatlarni:

  • moliyaviy hisobotlar nusxalarini;
  • jismoniy shaxslarning oxirgi 12 oydagi ish haqini tasdiqlovchi ma’lumotnomalarni;
  • ijtimoiy nafaqa va pensiyalar to‘langanligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarni.

20. Tugallanmagan qurilishni moliyalashtirish to‘xtatiladi

Prezidentning 2020 yil 16 oktabrdagi [PQ-4864] qarori asosida qurilish-montaj ishlari yakunlanganligi to‘g‘risida qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyalarining foydalanishga ruxsati olinmagan obyektlarni joriy saqlash uchun Davlat budjetidan mablag‘lar ajratilishi taqiqlanadi.

21. Majburiyatlarini bajarmagan shaxslar bilan yer ijarasi shartnomalari bekor qilinadi

Yer kodeksi va «Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida»gi qonunga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, ko‘p tarmoqli faoliyatni o‘zlashtirmagan fermer xo‘jaliklari bilan tuzilgan yer ijarasi shartnomalari qonun hujjatlariga muvofiq bekor qilinadi.

22. Paralimpiyachilar uchun kollejlarda qo‘shimcha kvotalar ajratiladi

Prezidentning 18 maydagi [PQ-5114] qarori bilan Olimpiya zaxiralari kollejlarining paralimpiya sport turlari bo‘limlariga yuborilayotgan jismoniy imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan sportchilar uchun 5 foizgacha qo‘shimcha kvotalar ajratiladi.

Davlat sport ta’lim muassasalarida paralimpiya sport turlari bo‘yicha trenerlarning lavozim maoshini hisoblashda bazaviy tarif stavkalari 1,5 baravar miqdorda qo‘llaniladi.