Davlat xavfsizlik xizmatining xududiy boshqarmalari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Sirdaryo va Namangan viloyatlarida giyohvand moddalar musodara qilindi, deb xabar beradi O‘zA.

DXXning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Samarqand-Beruniy» yo‘nalishida harakatlanayotgan «Cobalt» rusumli avtomashina Xorazm viloyatidagi «Sarimoy» yo‘l-patrul xizmati maskanida to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilgan.

Unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan to‘rtko‘llik fuqaroning (1981 y.t.) yonida 1 kg «geroin» giyohvand moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi. Ma’lum bo‘lishicha, mazkur giyohvand modda tojikistonlik narkokur’erlar tomonidan Samarqand viloyatining Urgut tumani hududiga kontrabanda yo‘li bilan o‘tkazilgan.

Shuningdek, Sirdaryo viloyatida DXX boshqarmasi hamda viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan Xovos tumanida yashovchi, 2000 va 2002 yillarda tug‘ilgan 2 nafar fuqaro «o‘zbek-tojik» davlat chegarasi hududida to‘xtatilib, tekshirilganda, ularning yonida 1 kg 815 gramm «gashish» giyohvand moddasi borligi aniqlangan. Giyohvand moddalar tegishli tartibda rasmiylashtirib olingan.

Aniqlanishicha, ular qo‘shni davlat hududiga noqonuniy o‘tib, tojikistonlik tanishlaridan narkotik moddani olib, O‘zbekistonga qaytishgan. Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu narkotikning buyurtmachisi (1985 y.t.) shaxs ham qo‘lga olindi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlarining viloyat bojxona boshqarmasi bilan o‘tkazgan tezkor tadbirida esa «Andijon-Namangan» yo‘nalishida harakatlanib kelayotgan, Uychi tumanida yashovchi fuqaro (1979 y.t.) boshqaruvidagi «Neksiya» rusumli avtomashina «Norin» yo‘l-patrul xizmati maskanida to‘xtatilgan.

Avtomashina ko‘zdan kechirilganda, uning salonida 942 gramm «gashish» giyohvand moddasi borligi aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda olib qo‘yildi. Aniqlanishicha, ushbu «gashish» moddasi qirg‘izistonlik narkokur’erlar tomonidan Andijon viloyatiga olib o‘tilgan.

Hozirda mazkur holatlar bo‘yicha Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.