27 dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev xorijiy davlatlarning O‘zbekistonga yangi tayinlangan elchilarini qabul qildi, deb xabar berdi uning matbuot xizmati.

Davlat rahbari Latviya elchisi Reynis Troksha, Vengriya elchisi Dyula Kovach, Fransiya elchisi Oreliya Bushez va Saudiya Arabistoni Podshohligi elchisi Yusuf al-Utaybiydan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.


Prezident yangi tayinlangan elchilarni diplomatik missiyasini boshlagani bilan samimiy tabrikladi.

«Pragmatik va chuqur o‘ylangan tashqi siyosat va iqtisodiy diplomatiya bundan buyon ham davom ettiriladi. Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari va sheriklik aloqalarini mustahkamlab borish ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi», — deyiladi xabarda.

O‘zbekiston Rossiya, Xitoy, AQSh, shuningdek, Yevropa, Janubiy Osiyo, Osiyo-Tinch okeani va Yaqin Sharq davlatlari bilan ko‘p qirrali hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, «O‘zbekiston dunyoga, dunyo esa O‘zbekistonga ochiq bo‘lishi kerak — bu bugungi taraqqiyotning asosiy talabi». «O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasi yangi tahrirda qabul qilinadi», — deyiladi xabarda.


Qolaversa, Latviya yuqori darajadagi delegatsiyalarining 2022 yilga rejalashtirilgan O‘zbekistonga tashriflari hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochishi qayd etildi.

Bundan tashqari, davlat rahbari Fransiya bilan o‘zaro hamkorlik masalalariga to‘talar ekan, 2022 yilda Luvr muzeyida O‘zbekiston madaniy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma o‘tkazilishini tilga oldi.


O‘zbekiston yetakchisi Fransiyaning 2022 yilning birinchi yarmida YeI Kengashiga raisligi davrida O‘zbekistonning Yevroittifoqqa a’zo mamlakatlar bilan ko‘p tomonlama aloqalari yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.

Marosim yakunida prezident xorijiy davlatlar diplomatik vakolatxonalari rahbarlariga ularning O‘zbekiston bilan do‘stlik rishtalari va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi mas’uliyatli va sharafli faoliyatiga katta muvaffaqiyatlar tiladi.