Akademik Temurbek Usmonov 22 dekabr kuni 79 yoshida vafot etdi, deb xabar berdi O‘zA.

U 1942 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1967 yili Moskva davlat universitetini tugatib, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Yadro fizikasi institutida stajyor-tadqiqotchi sifatida ish boshlagan.

Akademik Temurbek Usmonov 2017 yilda Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi etib saylangan. O‘zbekistonda lazer fizikasi va texnologiyalari, nochiziqli optika va spektroskopiya sohalarining dolzarb masalalarini tadqiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlash ishiga munosib hissa qo‘shgan.

U o‘z sohasi bo‘yicha yangi ilmiy yo‘nalishga asos solib, dunyoda ilk bor quvvatli lazer nurlanishlarining eng katta samaradorlikdagi garmonikalari va yorug‘likning eng yuqori darajadagi parametrik generatsiyalarini olishga erishgan.

Shuningdek, akademik «Fidokorona xizmatlari uchun» ordeni bilan mukofotlangan edi.

Olim 400 dan ortiq ilmiy maqolalar, 4 ta monografiya, 16 ta patent muallifi hisoblanadi. 150 dan ziyod ilmiy maqolalari xalqaro nufuzli jurnallarda chop etilgan.