Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Markaziy Osiyo MMA Konfederatsiyasi rahbari, Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarovni Qirg‘iziston faxriy yorlig‘i bilan taqdirlash to‘g‘risidagi farmonga imzo chekdi. Bu haqda «Kabar» AA xabar berdi.

Hujjatga muvofiq, Otabek Umarov «Qirg‘iziston Respublikasi va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida madaniyat va sport sohasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan katta hissasi» uchun taqdirlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning fevralida Otabek Umarov Markaziy Osiyo MMA Konfederatsiyasi rahbarligiga, o‘sha yilning dekabrida esa Osiyo olimpiya Kengashi vitse-prezidentligiga saylangan edi. U shuningdek, O‘zbekiston prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati rahbarining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritadi.