20 dekabr kuni O‘zbekiston Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi hamda O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturining «Raqamli iqtisodiyot va raqamli tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yoshlar imkoniyatlarini kengaytirish» yangi qo‘shma loyihasi ishga tushirildi. Bu haqda BMTTD «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

Imzolanish marosimi iqtisodiy rivojlanish va kambag‘allikni qisqartirish vazirining birinchi o‘rinbosari Ilhom Norqulov, BMTTDning doimiy vakili Matilda Dimovska, shuningdek, Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisining maslahatchisi Valentin Gusev ishtirokida bo‘lib o‘tdi.

Loyiha raqamli tadbirkorlik muhitini va yosh tadbirkorlarning raqamli ko‘nikmalarini yaxshilash, raqamli iqtisodiyot va raqamli tadbirkorlik siyosatini rivojlantirish uchun yoshlarni jalb qilishgan holda institutsional salohiyatni kuchaytirish, to‘siqlarni kamaytirish va yoshlarning raqamli biznes loyihalari va startaplari uchun yaxshi moliyalashtirish imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan.

Ilhom Norqulov hukumat tomonidan yangi ish o‘rinlari yaratish, yangi bozorlarga chiqish, innovatsiyalarni joriy etish va iqtisodiyotning yangi tarmoqlarini rivojlantirishda raqamli texnologiyalar imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish borasidagi sa’y-harakatlarini ta’kidladi. Shu sababli, «yoshlarni ish bilan ta’minlash milliy strategiyalari yoshlarga raqamli asr salohiyatidan foydalanish, mavjud va yuzaga kelayotgan muammolarni hal qilish uchun imkoniyatlar yaratish chora-tadbirlarini o‘z ichiga oladi», dedi u.

BMTTD va milliy hamkorlar o‘rtasidagi yangi hamkorlik O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni yanada rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, raqamli tadbirkorlik ko‘nikmalari, vositalar va qulay muhit orqali yoshlar, ayniqsa ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishga qaratiladi. Bu bandlik imkoniyatlarini, raqobatbardoshlikni, COVID-19 va shunga o‘xshash inqirozlarga chidamliligini oshirish, shu orqali tengsizlikni kamaytirish, inklyuziv, innovatsion va barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini yaratish kabi umumiy maqsadga xizmat qiladi.

BMTTDning doimiy vakili Matilda Dimovska tadbirning muhimligini ta’kidlab, hukumatning yoshlar uchun munosib mehnat va daromad olish imkoniyatlarini rag‘batlantirish borasidagi sa’y-harakatlarini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. «Raqamli texnologiya yosh ayollar va erkaklarning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy imkoniyatlariga erishish uchun ulkan salohiyatga ega. Loyihaning aniq maqsadlari yoshlarning raqamli dunyoga kirishi va ishtirokini oshirish, shuningdek, tegishli ta’lim va ish bilan ta’minlash imkoniyatlarini kengaytirishdan iborat. Loyiha raqamli ko‘nikmalarni, masalan, Internetda muhim kontentni topish va baholash qobiliyatidan tortib, onlayn marketing va tijorat kabi ilg‘or foydalanuvchi nou-xaugacha rivojlantirishga qaratilgan «, dedi u.

Loyiha BMTTDning raqamli va yashil transformatsiya bo‘yicha hukumat sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash, faol mehnat bozori siyosatini takomillashtirish va yoshlarning tadbirkorlik ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan dasturiy faoliyatining mantiqiy davomidir. Loyiha Rossiya tomonidan moliyalashtiriladi, shuningdek, Iqtisodiy rivojlanish va savdo vazirligining hissasi va IT-Park tomonidan parallel moliyalashtirishni ham o‘z ichiga oladi, loyihaning umumiy budjeti 2,1 mln AQSh dollarini tashkil etadi.

Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.