Qibraydagi 8 ta mahalla, 3 ta maktab va 5 mingdan ortiq turar joylar Toshkent tarkibiga o‘tkazildi. Bu haqda Davlat kadastrlari palatasining Toshkent viloyati boshqarmasi Qibray tumanidan poytaxtning Yashnobod tumaniga o‘tgan ijtimoiy obyektlar bo‘yicha ma’lumotida so‘z boradi.

Qayd etilishicha, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralarining o‘zgarishi yuzasidan tegishli qarori ijrosi yuzasidan hududlarda bir qator ishlar amalga oshirilgan.

Jumladan, Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasining Toshkent viloyati boshqarmalari tomonidan hududlarda olib borilgan xatlov ishlari natijalariga ko‘ra, Qibray tumanidan Yashnobod tumaniga jami 2107,4 gektar yer, shundan 1002,6 gektar qishloq xo‘jaligi yer maydoni hamda quyidagi ijtimoiy obyektlar o‘tkazilishi ta’minlangan:

  • mahallalar — 8 ta;
  • noturar joylar — 195 ta;
  • turar joylar — 5091 ta;
  • maktablar — 3 ta;
  • maktabgacha ta’lim muassasalari — 1 ta;
  • diniy muassasalar — 2 ta;
  • qabristonlar — 2 ta;
  • tibbiy muassasalar — 1 ta.

Qibray tumanidan Yashnobod tumaniga o‘tayotgan aholining doimiy yashash manzili Toshkent shahri Yashnobod tumani etib belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Toshkentning Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulug‘bek va Yashnobod tumanlari hududiga Toshkent viloyatining Zangiota, Qibray, Yuqori Chirchiq va O‘rtachirchiq tumanlaridan 7,8 ming gektardan ko‘proq yer maydonlari qo‘shib berilgan edi. Shu bilan birga, Sergeli va Bektemir tumanlaridan 171,3 gektar yer maydoni Toshkent viloyatiga o‘tkazildi.