Baliq yetishtiruvchi xonadon egalari uchun yer va mulk soliqlari 50 foizga kamaytirilib, ular o‘zini o‘zi band qilgan aholi toifasiga o‘tkaziladi. Bu haqda 20 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, bu boradagi ishlarning muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida baliqchilik sohasini rivojlantirish va kooperatsiya asosida baliq yetishtirish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda davlat rahbari aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash sohasida moliyaviy masalalar hal qilinib, barcha imkoniyatlar yaratib berilganiga qaramay, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda kamchiliklar saqlanib qolayotganiga e’tibor qaratdi.

«Dunyoda oziq-ovqat narxlarining o‘sishi, inflyatsiya xavf-xatarlari kelgusi yilda oziq-ovqat xavfsizligi eng dolzarb masala bo‘lib qolishini yaqqol ko‘rsatmoqda. Shu bois, viloyat hokimlari o‘z hududida baliq yetishtirish holatini tahlil qilib, tadbirkorlar va aholi xonadonlariga barcha sharoitlarni yaratib berish bo‘yicha tizimli shug‘ullanishi zarur», — dedi prezident.

Qayd etilishicha, o‘tgan besh yilda O‘zbekistonda baliqchilik tarmog‘ida umumiy qiymati 2,2 trln so‘mlik 1016 ta loyiha amalga oshirilgan va buning natijasida baliq yetishtirish hajmi 6 baravarga oshgan. Mamlakatda 2021 yilda 400 ming tonnaga baliq yetishtirilgan. Baliq iste’mol qilish hajmi 2016 yilga nisbatan 5,7 barobarga oshgan. Yig‘ilishda bu ko‘rsatkichlar yetarli emasligi, mavjud imkoniyatlar to‘liq ishga solinmayotgani tanqid qilindi.

Navoiy, Namangan, Sirdaryo, Farg‘ona, Toshkent viloyatlarida hosildorlik haligacha gektariga 3−4 tonnani tashkil etayotgani, ushbu hududlarda intensiv baliq yetishtirish hajmi umumiy ishlab chiqarishning 10 foizidan oshmayotgani qayd etildi. Kelgusi yilda baliq yetishtirish hajmini 600 ming tonnaga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Bunga erishish uchun Sharof Rashidov tumani tajribasi asosida kelgusi yilda 10 mingta xonadonda intensiv baliq yetishtirish yo‘lga qo‘yiladi. Xonadonlarda kooperatsiya asosida yiliga 80 tonnadan ortiq baliq yetishtirgan klasterlar uch yil muddatga soliqlardan ozod etiladi. Xorijdan mutaxassis jalb qilgan klasterlarga esa xarajatlarning bir qismini qoplab berish tartibi o‘rnatiladi.

Shuningdek, uyida baliq yetishtiruvchilar uchun «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida ajratiladigan kreditlar miqdori 2 barobarga oshirilishi aytildi. Bu maqsadlarga kelgusi yilda 400 mlrd so‘m va 20 mln dollar yo‘naltirilishi ta’kidlandi. Shu bilan birga, yirik baliqchilik loyihalariga kelgusi yilda 20 mln yevro jalb qilish rejalashtirilgan.

Yangiyo‘l va Quyichirchiq tumanlarida aholini baliq yetishtirishga o‘rgatish bo‘yicha tajriba o‘tkazilib, 2022 yil 1 iyundan Navoiy, Sirdaryo va Farg‘onada ham keng joriy qilish topshirildi.

Hosildorligi past bo‘lgan 21 ming gektar sun’iy havzalarda hosildorlikni 3 barobarga oshirish va qo‘shimcha 190 ming tonna baliq yetishtirish zarurligi ta’kidlandi. Buning uchun 2,2 mingta xo‘jalikni 50 mingta suvni kislorod bilan boyitish uskunasi — aerator bilan jihozlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.