Chilida yangi prezident saylandi

Chilidagi prezidentlik saylovlarida ijtimoiy davlat tarafdori Gabriyel Borich ikkinchi turda diktator Augusto Pinochetga havasmandligini yashirmagan o‘ta konservativ Xose Antonio Kastadan o‘zib ketdi. G‘olibning rejalari orasida biznes va aholining badavlat qatlamlari uchun soliqlarni oshirish, bepul ta’lim va tibbiyotni rivojlantirish, shuningdek, inson huquqlari mavzusiga alohida e’tibor qaratilgan.

Saylov g‘olibi o‘z nutqining ko‘p qismini kamsitish va ijtimoiy tengsizlikning barcha shakllariga qarshi kurashish va’dalariga bag‘ishladi. Aynan mana shu shiorlar davlat boshqaruvi tizimida ishlash tajribasiga ega bo‘lmagan yosh siyosatchini g‘alabaga yetakladi. U deyarli 56 foiz ovoz oldi, Xose Antonio Kasta esa 44 foiz ovoz bilan imkoniyatni boy berdi.

35 yoshli Gabriyel Borich Chili universitetining yuridik fakultetini tamomlagan. 2011 yilda pullik oliy ta’lim tizimiga qarshi talabalar noroziligiga rahbarlik qilgani ortidan mashhurlikka erishgan — Kommersant’.


Qirg‘izistonda ichki qo‘shinlar qo‘mondoni katta miqdordagi davlat mol-mulkini o‘g‘rilashda gumonlanib qo‘lga olindi

Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi ichki qo‘shinlari qo‘mondoni Islombek Kenjequlov o‘ta yirik miqdordagi mol-mulkni o‘g‘rilash va mansab vakolatini suiiste’mol qilishda ayblanib hibsga olindi. Bu haqda seshanba kuni TASS agentligi respublika Bosh prokuraturasiga tayanib xabar berdi.

«Kenjequlov ichki qo‘shinlarda budjet mablag‘lari bilan moliyaviy firibgarlik sodir etish bo‘yicha tergov doirasida qo‘lga olindi», — deyiladi xabarda. Uning so‘zlariga ko‘ra, yaqin orada sud qo‘mondonga nisbatan ehtiyot chorasini tanlash masalasini ko‘rib chiqadi.

Shu oy boshida Qirg‘iziston Harbiy prokuraturasi ichki qo‘shinlarning bir qator mansabdor shaxslariga nisbatan «Xizmat vakolatini suiiste’mol qilish», «Firibgarlik», «O‘ta yirik miqdorda ishonib topshirilgan mulkni o‘zlashtirish yoki sarflash» moddalari bo‘yicha ish qo‘zg‘atgan edi.

Dastlabki tergov natijasida Qirg‘iziston Ichki qo‘shinlarining bir qator mansabdor shaxslari shaxsiy tarkibga oziq-ovqat va kiyim-kechak xarid qilish uchun front kompaniyalari hisob raqamlariga budjet mablag‘larini o‘tkazib kelayotgani aniqlangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, gap 34 mln qirg‘iz so‘mi (taxminan 400 ming dollar) miqdoridagi zarar haqida ketmoqda.


Pentagon 100 ga yaqin amerikalik harbiylarni ekstremistik harakatlarda ayblab hibsga oldi

Pentagonning ma’lum qilishicha, o‘tgan yil davomida 100 ga yaqin amerikalik harbiy xizmatchi ekstremistik harakatlar bilan shug‘ullangan. Bu haqda TASS xabar berdi.

«Mudofaa vazirligi o‘tgan yili taqiqlangan ekstremistik faoliyatga aloqadorliklari yuzasidan rasmiy choralar ko‘rilgan harbiy xizmatchilarning soni salkam 100 nafar ekanligini aniqladi», — deyiladi Pentagon bayonotida.

Pentagon ichki tahdidlar va bo‘linmalarning hamjihatligiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan boshqa harakatlarga qarshi kurashni davom ettiradi, deyiladi xabarda.


Ilon Mask 11 mlrd dollar soliq to‘lashini ma’lum qildi

Tesla asoschisi Ilon Mask bu yil 11 mlrd dollar soliq to‘laydi. Bu haqda u o‘zining Twitter’dagi sahifasida qisqacha ma’lum qildi.

«Qiziqqanlar uchun bu yil 11 mlrd dollar soliq to‘layman», — deb yozdi u.

Bu bayonot Ilon Mask va senator Elizabet Uorren o‘rtasidagi internetdagi tortishuvning o‘ziga xos davomi bo‘ldi. O‘tgan hafta senator Tesla rahbarini ko‘proq soliq to‘lashga undagan edi. «„Yil odami“ haqiqatan ham soliq to‘lashi va tekin tomoq bo‘lishni bas qilishi uchun noto‘g‘ri soliq kodeksini o‘zgartiraylik», — deb yozdi senator Twitter’da. Bunga javoban Mask bu yil tarixdagi barcha amerikaliklardan ko‘proq soliq to‘lashini aytdi.

Umuman olganda, Ilon Mask 2012 yilda Tesla uchun ma’lum ko‘rsatkichlarga erishish majburiyatlari bilan 25,5 mln opsionni qabul qilgandi. Opsionlar uchun soliq to‘lanmaydi. Ushbu aksiyalarni qaytarib sotib olish muddati 2022 yil avgustida tugaydi, shuning uchun Mask o‘tgan oy aksiyalarni qaytarib sotib olishni boshladi va ularning qiymati daromad sifatida soliqqa tortiladi. Bundan tashqari, Ilon Mask uchun soliq stavkasi 40,8% ni tashkil qiladi. Bundan tashqari, u Kaliforniya shtati daromad solig‘ini — 12% to‘lashi kerak. Xarajatlarni qoplash uchun Mask sotib olingan aksiyalarning bir qismini sotib, 7,8 mlrd dollar yig‘di — Kommersant’.