Ijtimoiy tarmoqlarda Xalq deputatlari Jizzax viloyati kengashining 20 dekabr kuniga belgilangan sessiyasida viloyat hokimi Ergash Soliyevning murojaatnoma yo‘llashi (ayni vaqtda bo‘lib o‘tmoqda) va unda deputatlardan hokimiga savol bermaslik talab qilinayotgani haqida xabarlar tarqaldi.

Jumladan, viloyatdagi kengashlar kotibiyatlar mudirlariga yo‘llangan xatda sessiyaga telefon bilan qo‘yilmasligi haqida ogohlantirilgani aytilmoqda.

«Agar sessiya kun tartibi bo‘yicha intervyu beradiganlar bo‘lsa, viloyat xokimi Murojaatidan kelib chiqish lozim hamda sessiya bo‘lib o‘tayotgan jarayonda savollar berilmaydi», — deyilgan xatda.

Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevning yozishicha, unga jizzaxlik deputatlar «sessiyasda mazkur cheklovlarga talablar viloyat kengashi kotibiyati mudirining tashabbusi bilan qilinganini» aytgan. «Ya’ni kotibiyat mudiri bo‘lgan deputatning o‘zi deputatlarga cheklov o‘rnatmoqchi», — deya fikr bildirdi deputat.

U shuningdek, deputat — xalq vakili ekanligi, u xalq nomidan xar qanday mansabdor shaxsga va umumay har qanday oddiy fuqaro ham hokimga savol berishga huquqi borligini eslatib o‘tdi.

Qolaversa, Rasul Kusherbayev «deputatda mol-mulkiga nisbatan ham daxlsizlik huquqi mavjudligi sababli, cyessiyaga shaxsiy telefonlari bilan kiritmaslik bo‘yicha cheklov o‘rnatilishi ham g‘ayriqonuniy» ekanini aytdi.

Jizzax viloyati hokimiyati matbuot xizmati viloyat Kengashi kotibiyatining munosabatini e’lon qildi.

«Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining reglamentiga asosan, deputatlar deputatlik odobi va talablaridan kelib chiqgan holda o‘tkaziladigan sessiyalarga rasmiy kiyimda kelishi kerak bo‘ladi», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, «sessiya yig‘ilishi viloyat televideniyasi hamda ijtimoiy tarmoqlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritilishini inobatga olgan holda sessiya yig‘ilishiga halaqit bermaslik maqsadida telefon ovossiz holatga keltirish tavsiya etilgan».

Ayrim tumanlarning uzoqligi sababli reglamentga asosan, deputatlarning sessiya yig‘ilishiga kechikib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun eslatilgan.

«Ushbu sessiya kun tartibiga kiritilgan (viloyat hokimining) Murojaatnomasi barcha deputatlar ishtirokida doimiy komissiyalar yig‘ilishida batafsil muhokama etilgan hamda sessiyadan keyin ochiq tarzda matbuot anjumani o‘tkazilishi rejalashtirilgan va deputatlar matbuot anjumaniga taklif etilgan», — deyiladi xabarda.

Matbuot anjumanida OAV vakillari hamda deputatlar tomonidan savol-javoblar o‘tkazilishi belgilangani ham qo‘shimcha qilindi.